Andijonda “Mustaqillik yillarida ochiq fuqarolik jamiyati va OAV faoliyatini yanada rivojlantirishda o‘zaro hamkorlikning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik to‘yi oldidan “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida Andijon viloyat hokimligi, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida viloyat adliya boshqarmasi, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari rahbarlari, faollari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida mustaqillik yillarida nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati boshqa institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, mazkur sohani yanada rivojlantirish, amalga oshirilayotgan loyihalar, bu boradagi ilg‘or tajribalar, erishilayotgan yutuqlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
–Keyingi yillarda mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Farhodbek Otaxonov. – Ta’kidlash joizki, ularning faoliyati davlat boshqaruv idoralari, xususan, keng jamoatchilik tomonidan ijobiy e’tirofini topmoqda. Ana shu jarayonlarni yoritish, targ‘ib etishda ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ham ijobiy samaralar bermoqda.
Yangi O‘zbekiston sharoitida ularning faoliyati samaradorligini oshirish, hamkorligini yanada mustahkamlash muhim masalalardan biri hisoblanadi. Davra suhbatini o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad ham ana shu masalani atroflicha muhokama qilish, aniq taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
Davra suhbatida so‘z olgan viloyat hokimligi kotibiyat mudiri Doniyorbek Hamroqulov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari Sherzodbek Valiyev, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi bosh mutaxassisi Adhamjon Uzoqjonov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Maxpuraxon Artiqova va boshqalar tomonidan mustaqillik, ayniqsa, keyingi yillarida O‘zbekistonda ochiq fuqarolik jamiyatining huquqiy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan 200 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilinib, sohaning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi. Shuningdek, amalga oshirilgan islohotlar, NNTlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, ular faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarga chek qo‘yish, davlat tomonidan subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar ajratish orqali moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimining shaffofligi ta’minlanayotganligi qayd etildi.
[gallery-24911]
Davra suhbati ishtirokchilari fuqarolik jamiyati institutlari va OAV o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari – ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, islohotlar ochiqligini ta’minlash hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish borasidagi tushuntirish, targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirdi.
Davra suhbatida muhokama etilgan masalalar yuzasidan hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan aniq taklif va amaliy tavsiyalar ilgari surilib, kelgusida amalga oshirilishi zarur vazifalar belgilab olindi.
Tadbir yakunida samarali faoliyat yuritayotgan bir guruh nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari viloyat hokimligining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari