Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dolzarb mavzu: tomchilatib sug‘orish tizimi qulay va samarali
09:39 / 2022-09-08

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi “Qahramon Nasimov dalasi” fermer xo‘jaligida paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash samaradorligiga bag‘ishlangan o‘quv amaliy seminari bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat va tuman sektorlari rahbarlari, tumanlar hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, tajribali fermerlar, qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtiruvchi klaster tuzilmalari rahbar va agronomlari, daxldor tashkilot va idoralar vakillari qatnashdi.

O‘quv amaliy seminarda viloyat hokimi Botir Zaripov qatnashdi. Kun tartibidagi masala yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, mutasaddilarga tavsiya va ko‘rsatmalar berdi.

–Paxta xom-ashyosi yetishtirish uchun sarflanadigan xarajatlarning oddiy va tomchilatib sug‘orish usulidagi qiyosiy ko‘rsatkichlari, mineral o‘g‘itlarni avtomatlashtirilgan tizim asosida berish tartiblari tushuntirib berilgani biz, fermerlar uchun ayni muddao bo‘ldi, – deydi Pozagari qishlog‘ida dehqonchilik qilib kelayotgan “Qahramon Nasimov dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari Qahramon Nasimov. – Yangi sug‘orish tizimining afzalliklari xususida tajriba almashildi. Xo‘jaligimiz faoliyati misolida aytsam, o‘tgan yili “Agrobank” viloyat filiali bilan hamkorlik qilib, uch yil muddatga 340 million so‘m kredit mablag‘ini olib, paxta parvarishlanadigan 31 gektar ekin yerimizning teng yarmida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etdik. Hovuzlar tayyorlab, Niderlandiya texnologiyasini o‘rnatib, maxsus grafik asosida g‘o‘za nihollarini “obi hayot”ga qondirishni boshladik. Kech kuzga borib “Buxoro –8” naviga mansub yetishtirilgan 15 gektar paxta dalasidan 65 sentnerga yetkazib “oq oltin” xirmonini ko‘tardik. Jamoamiz bilan paxtachilikda umumiy xirmonimizni 145 tonnaga yetkazdik. Davlat shartnoma rejasini 135 foizga uddaladik. Albatta, joriy yilda o‘tgan yildagidan ham ko‘proq hosil olishni rejalashtirganmiz.

Buxoro tabiati ham qurg‘oqchilikdan xoli emas. Shu bois, fermer va dehqonlardan vaziyat taqozosiga ko‘ra omilkorlik bilan ish yuritish taqozo etilmoqda. G‘o‘zani vaqtida sug‘orish, uning agrotexnikasiga qat’iy amal qilish mo‘l hosil garovi. Parvarishda kechikkan har bir kun yoki soat hosildorlik sifatiga salbiy ta’sir qiladi. Tomchilatib sug‘orishning afzalligi shundaki, suv to‘g‘ridan-to‘g‘ri g‘o‘za niholi tomiriga borgani sabab 50 foiz azotli o‘g‘it kam ishlatiladi. Tomchilatib sug‘oriladigan maydonlar kultivatsiya qilinmasligi bois bu tadbirlarga ketadigan mablag‘ tejaladi.

– Viloyatda qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘orishga yiliga o‘rtacha 1 trillion so‘m mablag‘ sarflanadi, – deydi Amu-Buxoro irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i Erkin Fayzullayev. – Bugun aholi ko‘paymoqda. Odamlarning yerga bo‘lgan munosabati o‘zgardi. Viloyat aholisi 2 millionga yetdi, biroq o‘sha yer, o‘sha suv. Keyingi yillarda bir qarich yerga ham ekin ekilmoqda. Buning hammasi uchun “obi hayot” zarur, albatta. Ilgari tomorqa xo‘jaliklariga suv ajratilmas edi. Hozir birinchi navbatda tomorqaga e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilda viloyatda 40 ming gektardan ortiq maydonda tomorqa ekinlari ekilgan. Ularni ham oqova suv bilan ta’minlashimiz kerak. Shu bois suvni tejovchi texnologiyalardan foydalansak, suv yetarli bo‘ladi. Hozirgi joriy qilinayotgan texnologiya esa suvni 30-40 foizga iqtisod qilishi bilan ahamiyatli.

O‘quv amaliy seminari qatnashchilari G‘ijduvon tumanidagi qator fermer xo‘jaliklari ish tajribasi bilan tanishib, ekin yeridan yuqori hosildorlikka erishishda qo‘llanilayotgan yangi texnologiyalar xususida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi. Qolaversa, ilg‘or xorij uslubini o‘zlashtirish maqsadida “Netafim” kompaniyasi tomonidan aynan “Qahramon Nasimov dalasi” fermer xo‘jaligida “aqlli” sug‘orish texnologiyasiga doir ko‘rgazma ham tashkillashtirilgani fermerlar qiziqishiga sabab bo‘ldi.

– Men 25 yil davomida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va natijadorligini oshirish bo‘yicha ish olib bordim. Bizning texnologiyalarimiz O‘zbekistonning barcha hududlaridagi ekin maydonlarini yuqori samaradorlikka olib chiqishiga ishonaman, – deydi “Netafim” kompaniyasi bosh agronomi Dubi Raz. – Tarmoqda innovatsion texnologiyalarni puxta o‘zlashtirish va amaliyotda qo‘llash bugungi davrning har bir fermeri uchun moddiy manfaatdorlikni oshirish, ishchi kuchi va boshqa resurslarni tejashning yagona yo‘lidir. Meni xursand qilgan tomoni, avvalo viloyat hokimligi bu sohada hamkorligini taklif etib, fermerlar, ta’minotchi korxonalarga ko‘mak va imkoniyat yaratib bermoqda.

 

Zarif Komilov,

O‘zA