Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dolzarb mavzu: talaba qizlar bo‘sh vaqtida nima bilan mashg‘ul?
18:02 / 2022-02-28

Bugun talaba yoshlar, ayniqsa, qizlar o‘qishdan keyingi vaqtini qanday o‘tkazmoqda? Talabalar yotoqxonasida bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilganmi? Ular turli salbiy illatlar ta’siriga tushib qolmayaptimi? Oila qurish, bekalik, oila mas’uliyati haqida yetarli bilim va tushunchaga qay darajada ega, o‘qishdan tashqari biror kasb-hunarning boshini tutyaptimi?

Ana shu yo‘nalishda Andijon mashinasozlik instituti talabalar yotoqxonasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishib, institut rektorati hamda Xotin-qizlar maslahat kengashi hamkorligida e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligining guvohi bo‘ldik.  

– Talabalar, umuman, yoshlarning aksariyati bo‘sh qoldi deguncha, darrov qo‘l telefoni bilan mashg‘ul bo‘ladi, – deydi institut rektorining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ra’noxon Yusupova. – Qandaydir o‘yin o‘ynaydi, qo‘shiq eshitadi, film tomosha qiladi. Ming afsuski, bunday ko‘rinish ko‘lami yildan yilga ortib bormoqda. Yoshlarimizning mobil telefon, internetga bu qadar bog‘lanib qolishlarini esa aslo oqlab bo‘lmaydi. Bu eng avvalo, ularning salomatligiga, ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, puxta bilim olishdan chalg‘itadi. Shu bois ham yoshlar, xususan, talaba qizlarimizning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.  

Ayni kunda institut yotoqxonasida yuz nafardan ziyod talaba qiz istiqomat qiladi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, turli kasb va hunarlarga oid bilim va ko‘nikmalarini boyitish hamda oilaviy hayotga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. O‘tgan yili qizlar yotoqxonasida tikuvchilik sexi tashkil etildi. Qizlarning darslardan bo‘sh vaqtida bu yerga kelib, mutaxassislar ko‘magida tikuvchilik hunarini o‘rganishlari yo‘lga qo‘yildi. Sexda talaba qizlar tomonidan tikilgan 700 komplekt ko‘rpa, bolish va choyshab yotoqxonadagi talabalarga tarqatib berildi. Bundan tashqari, joriy o‘quv yili boshida yotoqxonada «Go‘zallik saloni» tashkil etildi. Maxsus malakasi bo‘lgan to‘rt nafar talaba darsdan bo‘sh vaqtlarida salonda mehnat qiladi, ularga institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanadi. Qolaversa, ular ish jarayonida qiziqadigan dugonalariga ushbu hunar sirlarini o‘rgatib boradi.  

Institutda «Qizlarjon» klubi ham samarali faoliyat olib bormoqda. Klub faollari tomonidan 1-qizlar yotoqxonasida «To‘quvchilik», «Pazandalik» kurslari tashkil etilgan. Kurs mashg‘ulotlariga deyarli barcha talaba qizlar jalb etilgan. Qizlar bo‘sh vaqtida mutaxassislar ko‘magida milliy, yevropa taomlari, turli shirinlik va salatlar tayyorlash, to‘quvchilik sirlarini o‘rganmoqda. Ma’naviyat xonasida qizlarning kitob, gazeta o‘qishlari, yotoqxona hovlisidagi sport maydonida esa sportning voleybol, futbol turlari bilan shug‘ullanishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Xotin-qizlar maslahat kengashi hamda tyutor ayollar tashabbusi bilan Andijon shahar FXDYO bo‘limi mutaxassislari, shifokorlar, otinoyilar, mahala raislarining oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari hamkorligida qizlarning faolligini oshirish, ularni oilaga tayyorlash, tadbirkorlikka yo‘naltirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, turli yot g‘oyalar, «ommaviy madaniyat» ko‘rinishlari ta’siriga tushib qolishlarining oldini olishga qaratilgan turli tadbirlar, davra suhbatlari doimiy ravishda o‘tkazib kelinmoqda.  

Amalga oshirilayotgan ishlar talaba qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, turli kasblar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini boyitish hamda ularni oilaviy hayotga tayyorlashga yaqindan yordam berayotir.  


F.UBAYDULLAEV,  
Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA