Barcha bosqichdagi ta’lim muassasalarida har doim tortishuvga, bahsga sabab bo‘lib kelayotgan bir muammo bor, bu maxsus kiyim bosh, ya’ni forma muammosi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgustdagi “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan maktab o‘quvchilari uchun yagona maktab formasi shakllari tasdiqlangan. Ammo uning majburiyligi besh yilga kechiktirilgan edi. Hukumatning joriy yil 19 maydagi qaroriga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan davlat maktablarida o‘quvchilar uchun maktab formasi to‘liq joriy etiladi.
Kiyinish madaniyati inson hayotida muhim o‘rin tutadi. Ayniqsa, bugungi globallashuv davrida bu nihoyatda dolzarblik kasb etadi. Psixologiyada ijtimoiy rol tushunchasi mavjud, unga ko‘ra, shaxs jinsi hamda yoshiga mos ravishda ontogenezda va kundalik hayot faoliyatida o‘z ijtimoiy rolini muntazam almashtirib turishiga, bosqichma-bosqich hamda o‘rnini almashtirib turli rollarni “o‘ynashi” ga to‘g‘ri keladi.
Ijtimoiy rollar turli tuman bo‘lib, jinsga xos vaqt davrida ayollarda: qiz, nabira, kelin, turmush o‘rtog‘i, ona, qaynona, amma, xola va hokazo.
Erkaklarda o‘g‘il, nabira, kuyov, turmush o‘rtog‘i, ota, qaynota, tog‘a, amaki.
Vaziyatga ko‘ra mezbon, mehmon, yo‘lovchi, xo‘randa, xaridor, o‘quvchi, talaba, boshliq, xodim va boshqalar, bu ro‘yxatni yana behisob davom ettirish mumkin.
Ijtimoiy rolning mazmun-mohiyati shundan iboratki, unga mos ravishda shaxsning xulqi ham o‘zgaradi, ya’ni shaxs ayni paytdagi ijtimoiy roliga mos xulq va xarakter xususiyatlarini namoyon qiladi. Unga xos xulq va xarakter o‘rtasidagi nomutanosiblik esa o‘zaro munosabatlarda tushunmovchilik va ziddiyatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ijtimoiy rolning yana bir eng muhim xususiyati tashqi qiyofa va libosning ham unga mos bo‘lishidir. Shu o‘rinda uyga, ko‘chaga, mehmonga, to‘yga, ko‘ngilochar tadbirlarga, ishga, o‘qishga kiyiladigan maxsus kiyim-bosh, forma haqida ham gapirish mumkin, chunki sanab o‘tilgan, shaxs ishtirok etadigan faoliyat sohalarining har birida ham ma’lum ijtimoiy rol o‘ynaladi.
Shaxsning egnidagi libosi hamda muloqot va muomalada namoyon bo‘ladigan xulqi, xarakteri xususiyatlari shu rolga mos bo‘lishi shart. Maxsus kiyim bosh, forma shaxsning alohida ijtimoiy qatlam, tabaqa, guruh, kasbga mansubligining belgisi hisoblanadi, u shaxsga o‘zi mansub bo‘lgan ijtimoiy qatlam, guruh, tabaqa, kasbga mos xulq modelini belgilaydi, ta’lim muassasasida esa ijtimoiy tengsizlikni bartaraf qiladi. Shu jihatdan olganda maxsus kiyim bosh, formaning shaxsiy individual, ijtimoiy ahamiyati, shaxsning ijtimoiy va ta’lim muhitidagi xavfsizligini ta’minlashdagi o‘rni beqiyos.
Aynan maxsus kiyim bosh, forma shaxsda o‘zining u yoki bu ijtimoiy qatlam, guruh, kasb yoki toifaga mansublik g‘ururi, iftixor hissini shakllantiradi. Shuning uchun ham harbiylar, huquq tartibot idoralari vakillari xohlagan libosida emas, maxsus kiyim boshda, formada yuradi. Ta’lim muassasalarida maxsus kiyim-bosh, formaning ahamiyati katta, chunki u tarbiyalanuvchi, o‘quvchi, talabaga kerakli xulq shaklini, xarakter xususiyatini, intizomni “buyuradi”, uni ayni paytdagi ijtimoiy maqomiga mos bo‘lishga undaydi va aynan shu xususiyati bilan forma tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘ladi.
Hammaga yaxshi ma’lum, dunyoga mashhur shaxslarni tarbiyalab yetishtirgan Kembrij, Oksford, Stenford kabi universitetlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadigan Hindiston oliy o‘quv yurtlarining hammasida o‘z maxsus formasi mavjud. Ularga o‘qishga kirishni niyat qilgan yigit-qizlar birinchi navbatda shu kiyimni kiyishni orzu qiladi. Ta’limda maxsus kiyim-bosh, formaning yana bir muhim ahamiyati uning faoliyatga, ayni paytda o‘quv faoliyatiga motivatsiya berishidir, shuni hisobga olib nafaqat tarbiyalanuvchilar, o‘quvchi va talabalar, tarbiyachi va o‘qituvchilarning ham formasi bo‘lishi maqsadga muvofiq, jamiyatda ustoz-murabbiylarning maqomini ko‘tarishda ijtimoiy muhitda ularni tanish va hurmat bajo keltirish uchun maxsus forma qulay vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligi, shaxsning turli faoliyat sohalaridagi xavfsizligi to‘la-to‘kis shu jamiyatda shakllangan qadriyatlar tizimiga, uning barqarorligiga bog‘liq. Hech qaysi davlatning qadriyatlari tizimi, u qanchalik mukammal bo‘lmasin va shu davlat o‘zi uni demokratiyaning oliy shakli, deb hisoblamasin, boshqa jamiyat uchun etalon bo‘la olmaydi, chunki qadriyatlar tizimi birinchi navbatda asrlar davomida shakllangan mentalitet xususiyatlariga asoslanadi. Bu xususiyatlar bir mamlakat ichida, uning turli mintaqalarida ham bir-biridan farq qilishi mumkin. Bir-biridan farq qiladigan bunday mintaqaviy-hududiy mentalitet xususiyatlarini dunyoning istalgan mamlakatidan topish mumkin. Ayrim davlatlar tomonidan o‘z demokratik tamoyillarini boshqa jamiyatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport qilishga urinishlar bu eksport ob’ekti hisoblangan jamiyat qadriyatlarini yemirish va oxir-oqibat shu jamiyatni ma’naviy tobe’ qilishga urinishdan boshqa narsa emas.
Zamonaviy media vositalari esa psixologik urushni amalga oshirish uchun raqib davlatning maqsadlari, qadriyatlarini yoqlaydigan, unga havas qiladigan, uning ramzlari, turmush tarzi, kiyinishi, madaniyati, qadriyatlariga amal qiladigan bunday xayrixoh guruhlarni shakllantirish uchun har qanday axborot-ma’lumotni bir vaqtning o‘zida millionlab odamlarga yetkaza oladigan cheksiz imkoniyatni berib qo‘ydi. Psixologik urush xususiyatlaridan kelib chiqib kiyimning qanchalik ulkan tarbiyaviy, intizomiy va mafkuraviy ahamiyatga ega ekanligini tushunib olish mumkin. Shuning uchun ham ta’lim muassasalarida formani inkor qilish bu amalda yoshlarni yot g‘oya va mafkura ta’siriga qo‘shqo‘llab topshirish bilan barobar, bunday sharoitda yoshlar osonlik bilan ramzlar, turmush tarzi, kiyinish, ommaviy madaniyat, qadriyatlar vositasida ularning ongi va qalbini egallashga harakat qilayotgan g‘oyalar qarmog‘iga ilinadi.
Ta’lim muassasalarida formani inkor qilish yoki bekor qilishning yana bir xavfli oqibati shuki, agar o‘quvchi talabalarning formasi joriy qilinmasa tarbiyaning shu sohasida bo‘shliq paydo bo‘ladi, natijada mohiyatida turli zararli g‘oya va mafkura yotgan liboslar vositasida o‘sha liboslar taalluqli jamiyatlarga ixlos qiluvchi guruhlar shakllanaveradi, o‘zaro nizolar va to‘qnashuvlar ehtimoli ortaveradi. Libos, forma bilan bog‘liq bitta qonuniyat bor, so‘nggi yillarda libos, uning ayrim elementlari haqida gap ketsa, masalaga diniy tus berish odat tusiga kirib qoldi. Islom e’tiqodni libosdan emas, mo‘minning qalbidan izlashni buyurganini bila turib ham bunday kimsalar libos bilan bog‘liq har qanday masalaga diniy tus beraveradi.
Asosiy qonunimiz hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31-moddasida “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, 61-moddasida “Diniy tashkilotlar va birlashmalar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy birlashmalarning faoliyatiga aralashmaydi”, deb belgilab qo‘yilgan. Qonunchilik palatasi tomonidan 2021 yil 4 mayda qabul qilingan Senat tomonidan 2021 yil 26 iyunda ma’qullangan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan 2021 yil 5 iyulda tasdiqlangan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonunining 7-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida din davlatdan ajratilgan. O‘zbekiston Respublikasida diniy tashkilotlar va davlat organlarining faoliyati o‘zaro aralashmaslik asosida amalga oshiriladi”, 8-moddasida esa O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimi dindan ajratilgandir.
Ta’lim tizimining o‘quv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga (bundan diniy ta’lim muassasalari mustasno) yo‘l qo‘yilmaydi, deb belgilab qo‘yilgan. Yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi qonuni kuchga kirgandan so‘ng odamlar o‘rtasida endi ta’lim muassasalarida ham qizlar hijobda yursa bo‘ladimi, degan savollar paydo bo‘ldi. Yangi o‘quv yilidan boshlab, ta’lim muassasalarida yagona maktab formasining joriy qilinishi esa barcha kutgan ish bo‘ldi, deyish mumkin.
Ma’mirjon Otajonov,
psixologiya fanlari nomzodi, dotsent O‘zA