Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dolzarb mavzu: maktab psixologlarining samarali ishlashi uchun sharoit yetishmaydi?
18:08 / 2023-12-12

Maktab psixologi yosh avlodni katta hayotga to‘g‘ri yo‘naltirishga ota-onalar va o‘qituvchilar bilan birdek mas’ul hisoblanadi. Qiyin o‘smirlik davriga o‘tayotgan bolaning,shaxs sifatida shakllanayotgan o‘smirning muammolarini hal qilishda maktab psixologining o‘rni beqiyos. Xo‘sh, bugungi kunda maktab psixologlarining samarali ishlashi uchun nima to‘sqinlik qilmoqda? Soha vakillari faoliyati davomida qanday muammolarga duch kelmoqda?

Shu va shu kabi savollarga javob olish uchun O‘zbekiston Psixologlar Assotsiatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi rahbari Nasiba Baratova bilan suhbatlashdik. 

– Hozirgi kunda psixologlarning maktablarga foydasi unchalik yetmayapti, – deydi Nasiba Baratova. – Birinchidan, bu oliy ta’lim tizimida psixolog kadrlarni tayyorlash muammosi bilan bog‘liq. Oliy ta’lim malakasiz psixologlarni tayyorlaydi. Psixologik ta’lim amaliyot bilan bog‘liq bo‘lmagan eski manbalarga asoslangan. Agar talabaning o‘zi mustaqil tadqiqotlarga tayansa u biror bir narsani o‘rganishi mumkin. 

Ikkinchidan, maktabda psixolog nufuzini ko‘tarish lozim, unga keraksiz xodim deb qaraladi. Albatta, o‘quvchi hayotining ijtimoiy hayotga moslashuviga to‘siqlar o‘z joniga qasd (suiqasd), kattalar bilan muloqot, kasb tanlash kabi jihatlarda psixologning roli katta, biroq ishda bular ko‘rinmayapti. Men maktablarda o‘quvchilar bilan ishlashda foydalanilayotgan testlar zamondan orqaga qolgan deb hisoblayman. Chunki bugungi o‘smirlarning psixologiyasi ushbu testlar tuzilgan vaqtdan farq qiladi. Har 20-30 yilda insonlarning hayotga qarashi o‘zgaradi. 1996 yildan keyin tug‘ilgan avlod – “zet avlodi”, tabiiyki ular oldingi avlodga qaraganda boshqacha fikrlaydi, ularning psixikasi ham o‘zgacha. Biroq ular bilan ishlashda boshqa avlod vakillari bilan o‘tkazilgan eksperimentlarga asoslangan testlardan foydalaniladi. Bu testlar ularning ruhiy holatini ocha olmaydi, shuning uchun ham qo‘llashga yaroqsiz. Ammo bu testlar psixologlarga yuqori tashkilotlardan foydalanish uchun yuboriladi. 

Psixologlar shu testlar bilan ishlashga majbur. Bitta sinfda o‘rtacha 30-35 nafar o‘quvchi o‘qiydi. Shunaqa testlar borki, ulardagi savollar soni 50 tagacha yetadi. Psixolog ularni har bir o‘quvchiga qo‘llashi kerak, bittadan sinab, tasniflashi kerak. Bunga juda ko‘p vaqt va manba sarflanadi. Oxir oqibatda psixolog nima qiladi? Yo bajarilgan testlarni “havodan olib” “ijobiy” yoki “salbiy” deb belgilaydi, yo testni o‘quvchilarga ko‘rsatmasdan “rasmiyatchilik” uchun ularni o‘zi bajaradi. Agar shu testlarni o‘zi bajarib bilsa, bilmasa ko‘r-ko‘rona tayyorlab yuboradi. Ilmiy nuqtai nazardan qaraganda psixologiyaning asosiy metodi kuzatuv va suhbat. Faqatgina ana shu ikki metod bilan test yordamida aniqlanmagan jihatlarni (aspektlarni) aniqlash mumkin. Shu sababli testlar sonini qisqartirib, faqat juda muhimlari – depressiyaga, suitsidga moyilligini, kasb tanlashga yordam beradigan testlarni qoldirib, treninglarga ko‘proq vaqt ajratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Bundan tashqari, psixologik mashg‘ulotlar paytida o‘quvchilarning kasbga yo‘naltirish metodikasi ham bor. 

Bizning testlarimiz Yevropa modelidan modifikatsiyalangan, lekin muvaffaqiyatsiz. Psixologiya bo‘limiga darslar o‘tilmaydi. Psixologik mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun soat ajratilmaydi, shuning uchun ham psixologning o‘quvchilar bilan munosabatini tashkil qilish imkoniyati yo‘q. Psixolog o‘quvchilarning ruhiy holatini aniqlash uchun test olishi kerak paytda u biror bir o‘qituvchining darsini buzishga to‘g‘ri keladi. Bu esa bizni darsga “xalaqit beramiz” va “rasmiyatchilik uchun” test o‘tkazamiz degan gap so‘zlarga sabab bo‘ladi. Yoki 20 daqiqaga (yanada ko‘proq vaqtda ham bor) mo‘ljallangan test 5 daqiqada bajariladi. Bu albatta testning to‘g‘riligi va natijadorligiga ta’sir qiladi, ya’ni o‘quvchining real psixologik holatini aniqlashga to‘sqinlik qiladi. Alohida soatlar ajratilmagan holatda psixolog o‘quvchilar bilan qachon shug‘ullanishi mumkin? 

Olti soatlik darsdan so‘ng ham ruhiy ham jismoniy charchagan qaysi o‘quvchiga psixologik treninglar yoqadi? Shu nuqtai nazardan dars jadvaliga psixologning o‘quvchilar bilan shug‘ullanishi mashg‘ulotlari kiritilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Psixolog xonasida 15-20- o‘quvchiga mo‘ljallangan jihozlar bo‘lishi kerak. Sinf xonalari trening o‘tkazishga mo‘ljallanmagan. Bundan tashqari, psixologik xonasi o‘quvchi o‘zini qulay his qilishi uchun keng, yorug‘, shinam bo‘lishi kerak. O‘quvchi bilan tinch, qulay holatda suhbat qilish uchun sharoit kerak. 

Masalan, xonada akvarium qo‘yilsa bu o‘quvchini qiziqtirishi mumkin. Psixologga o‘z sirini aytishga shubhalanayotgan o‘quvchining fikrini xonadagi qulay sharoit o‘zgartirish mumkin. Psixolog huzuriga borish esa biror bir salbiy holatning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Maktab psixologi bolalar uchun o‘qituvchi emas, do‘st bo‘lishi kerak. Ular qo‘rquvsiz psixologga o‘z tashvish va muammolarini aytishlari, unga ishonishlari kerak. Shuning uchun o‘quvchilar bilan yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib ishlash uchun psixolog xonasi barcha talablarga javob berishi lozim. Yana bir muhim jihat, psixolog xonasi birinchi qavatda joylashishi kerak. Bu ota-onalar bilan suhbatlar uyushtirish uchun qulaylik yaratadi. Ilmiy manbalarda har 250 nafar o‘quvchiga bitta psixolog shtati bo‘lishi kerak deb ko‘rsatilgan, lekin maktablarda 1000 nafardan ortiq o‘quvchiga 2 ta shtat birligi mavjud. Aslida esa bu maktablarda 4 nafar psixolog bo‘lishi kerak, chunki 2 nafar psixolog barcha o‘quvchilar bilan ishlashga jismonan ulgurmaydi. Agar psixologlar o‘quvchilar soniga mos kelmasa, unda tabiiyki qamrab olish ham, o‘quvchilar bilan ishlashning sifati xam shunga yarasha bo‘ladi. 

Bundan tashqari, maktablarda erkak psixolog ham, ayol psixolog ham bo‘lishi maqsadga muvofiq. Chunki o‘g‘il bolalar va qizlar psixolog bilan gaplashishda iymanishlari mumkin. Hamma joyda bo‘lgani kabi qog‘ozbozlik maktab psixologlarini ham chetlab o‘tmagan. 

Psixologning asosiy ish faoliyati turli keraksiz hujjatlarni tuzishdan iborat. Hozir bajarilgan ishni ko‘rsatish uchun telefonga rasmga tushirish kifoya. Biroq, psixolog o‘zining yo‘q vaqtini qog‘oz to‘ldirishga ketkazadi. U har kunlik bajargan ishlarini daftarga yozib borishga, jadvallar, hisobot va ma’lumotnomalar to‘ldirishga majbur. Vazirlikdan yillik, oylik va haftalik ish rejalarni tuzish bo‘yicha topshiriqlar keladi. Har bir qilingan ishi haqida dalolatnoma tuzish kerak. Agar test o‘tkazilsa, uyda uning statistikasini olib borishi kerak. Bu qog‘ozlarning hech kimga keragi yo‘q. Ammo ularni o‘quvchilar maktabni bitirganidan keyin yana 3 yil saqlashi kerak. Qani endi ayting, agar psixolog qog‘oz bilan ishi tomdan ham yuqori bo‘lsa unda u qachon o‘quvchilar bilan suhbatlashadi? 

Qog‘ozlardan bo‘shamagan psixolog o‘quvchilarning muammolarini va tinglovchilarini eshitishga kuch, vaqt va xohish topa oladimi?

Umuman maktablarda psixolog nufuzini ko‘tarish, uning faoliyatini, ayniqsa, uzoq tumanlarda samarali tashkil etish uchun sharoit yaratish masalalarini tubdan qayta ko‘rib chiqish lozim. Agar psixolog haqiqatan ham oldida turgan vazifalarni bajarsa, bu yo‘q ijtimoiy muammolarni hali boshlanish davrida profilaktika qilish imkonini beradi.

 O‘zA muxbiri Zarif Komilov suhbatlashdi.