Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dolzarb mavzu: Andijonda tuman va shahar gazetalari nima uchun chop etilmayapti?
11:28 / 2022-04-16

Joriy yilning birinchi choragida Andijon viloyatidagi ayrim tuman gazetalari umuman chop etilmadi.

 Viloyatdagi bosma nashrlarning ahvoli haqida turli ommaviy axborot vositalarida avval ham ko‘p chiqishlar qilindi, ming afsuski, hech qanday ijobiy natija kuzatilmadi. Gazetani chop etilishiga mas’ul, ya’ni gazetalar muassisi bo‘lgan tuman, shahar hokimliklari bu haqda o‘ylab ko‘rganlari, tahririyatlar tomonidan qayta-qayta qilinayotgan murojaatlarga e’tibor ham qaratayotgani yo‘q. 

Joriy yilda “Andijanskaya pravda”, Oltinko‘l tumanining “Oltinko‘l”, Marhamat tumanining “Oq oltin”, Qorasuv shahrining “Qorsuv tongi”, shuningdek, mulkchilik shakli o‘zgargan Ulug‘nor tumanining “Ulug‘nor” gazetalarining birorta soni chop etilmadi. 

Matbuot bugun haqiqatdan ham to‘rtinchi hokimiyatmi?

To‘g‘ri, bugan nafaqat Andijonda, balki respublikamiz bo‘yicha bosma nashrlar og‘ir iqtisodiy ahvolni boshdan o‘tkazmoqda. Shunday bo‘lsada, gazetaning ahamiyatini yaxshi anglagan muassislar baholi qudrat gazetalarning chop etilishiga ko‘mak berib kelmoqda. Chunki, ommaviy axborot vositalari bugunga kelib hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. U televideniye bo‘ladimi, gazeta, jurnal yoki internet nashrimi barchasi jamiyat hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yoritish, davlatimiz siyosatining mazmun-mohiyatini xalq ommasiga yetkazish, fuqarolarning axborotga bo‘lgan talab-ehtiyoji va ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Qolaversa, jamiyatimizdagi qator muammolarni keng jamoatchilik e’tiboriga yetkazishdagi roli alohida ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatida erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi xususida to‘xtalib, shunday degan edi: “Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni xolis yoritish bilan birga, joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik e’tiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni da’vat etib, undab kelayotganini alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ular tom ma’noda “to‘rtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda.

Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi ko‘plab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap. Lekin oshkoralik va so‘z erkinligi bu – davr talabi, bu – O‘zbekistondagi islohotlarning talabi.

...Xolis va adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni ko‘rsatib, ularni ish uslubini o‘zgartirish va mas’uliyatini oshirishga majbur qilmoqda.

Bundan buyon har bir davlat organi o‘z kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi zarur va shart.

Kelgusida ham so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yanada kuchaytiriladi”.

Prezidentimiz tomonidan yuqoridagi gaplar bejiz aytilgani yo‘q albatta. Chunki, matbuot jamiyatning ko‘zgusi. Unda aks etadigan maqola va ko‘rsatuvlar mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga, fuqarolarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga, tom ma’noda jamiyat tarqqiyoti, yurt ravnaqi va xalq manfaati uchun xizmat qiladi. 

Davlatimiz rahbari ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash zarurligi xususida bot-bot gapirayotgan bir paytda Andijon viloyatidagi qator tuman, shahar gazetalarining chop etilmayotganligi, nashr etilayotganlarining ham tiraji juda past ekanligi juda achinarlidir.

Bosma nashrlarda faoliyat yuritayotganlar taqdiri bilan kim qiziqadi?

Keyingi bir necha yil ichida Andijon viloyatida o‘nga yaqin bosma nashrlar yopildi. Ming afsuski, yana qator gazetalar yopilish arafasida turibdi. Bundan na odamlar, na jamiyat hech narsa yutmasligi aniq.

Bugun Andijon viloyatida 24 ta, ya’ni viloyatning bosh nashrlari - "Andijonnoma" va "Andijanskaya pravda" gazetalari, shuningdek, 16 ta tuman va shahar hokimliklari muassisligidagi nashrlar, 3 ta jurnal hamda 3 ta xususiy va tarmoq gazetalari ro‘yxatdan o‘tgan. Ming afsuski, ularning ba’zilar anchadan buyon chop etilmayapti, qolgan nashrlar ham belgilangan davriylikda chop etilgani yo‘q, tirajlari esa juda past. Ana shu gazetalar sahifalarida viloyatimiz, tuman va shaharlar ijtimoiy-siyosiy hayoti bilan bog‘liq jarayonlar baholi qudrat yoritilmoqda.

E’tibor qaratsak, nafaqat chop etilmayotgan gazetalar, balki nashr etilayotgan gazetalar xodimlari ham oylik ish haki olmasdan yoki juda oz miqdorda haq olib ishlamoqda. Ayni paytda bir oyda bir yoki ikki marta chop etilayotgan tuman gazetalarining adadi atigi 200-350 nusxani tashkil etmoqda. Bunday tiraj bilan gazeta chop etish xarajaatlarini ham qoplay olmasligi aniq. 

- Qator tuman gazetalari kabi joriy yilda tumanimiz gazetasining ham birorta soni hali chop etilgani yo‘q, - deydi Marhamat tumani “Oq oltin” gazetasi muharriri o‘rinbosari Abdumannob Ismonov. – Sababi mablag‘ yo‘q, tahririyatimiz iqtisodiy jihatdan og‘ir ahvolda qolgan. O‘tgan yil hisobidan xodimlarga oylik ish xaqidan qarzdormiz. Qolaversa, joriy yil uchun gazeta obunasi kutilgan darajada bo‘lmadi. 

Agar e’tibor qaratadigan bo‘lsak, bugun nafaqat chop etilmayotgan gazetalar, balki nashr etilayotgan gazetalar xodimlari ham oylik ish haki olmasdan yoki juda oz miqdorda haq olib ishlamoqda. Shunday holat davom etsa, ular kasbini bir chetga surib, boshqa ish qilishiga to‘g‘ri keladi. Sohada kadrlar masalasi jiddiy muammo bo‘lib turgan bir paytda tahririyat jamoalari tarqalib ketsa, ertaga ularning o‘rnini to‘ldiradigan mutaxassislarni topish oson kechmasligi aniq. Qolaversa, hozirgi qiyin bir sharoitda, tahririyatlarda juda kam oylik olsada, shunga sabr qilib kelayotgan fidoyilar qolgan xolos. 

Shu o‘rinda yana bir mulohaza. Bundan besh yil avval viloyatdagi bosma nashrlar tahririyatlarida 300 nafardan ortiq ijodiy va texnik xodimlar mehnat qilgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ularning soni 80 nafardan ortmaydi. Ishlayotganlar ham doimiy daromad manbaiga ega emas. Sababi yuqorida ta’kidlanganidek, gazetalar muntazam chiqmayapti, adadi oz. Ming afsuski, moliyaviy jihatdan ancha nochor ahvolga tushib qolgan bosma nashlar xodimlaridan tirikchiliging qanday o‘tyapti, deb so‘raydigan biror bir kishi yo‘q. 

To‘g‘ri, kimdir matbuot xizmati, kimdir targ‘ibotchi vazifalarida ishlab, faoliyatini davom ettirishga harakat qilmoqda. Lekin ularga berilayotgan ish haqlari tirikchilik o‘tkazish, bola-chaqa boqish uchun yetarli emasligi barchaga kunday ravshan. 

Matbuot nashrlarining mazmuni, saviyasi, o‘qmishliligi, sifati haqida gap ketganda, ayniqsa, viloyatlardagi aksariyat nashrlarning bugungi kun talabi darajasida emasligini ham ochiq tan olishimiz kerak. Bu albatta, qator omillarga bog‘liq jihat. Lekin bu borada soha xodimlari, ayniqsa, jurnalistlarning kasbiy mahorati baribir muhim ahamiyat kasb etadi. Jurnalistik iqtidori, qobiliyati bo‘lmagan kishi hech qachon matbuot sohasida samarali ishlay olmaydi. Lekin malakali, o‘z ishining yetuk mutaxassisi bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi.  Jurnalist siyosiy jihatdan yetuk, ijtimoiy-iqtisodiy sohani yaxshi tushunadigan, keng dunyoqarashga ega bo‘lsagina, u tayyorlagan materiallar ko‘pchilikka ma’qul va manzur bo‘ladi. Jurnalistda ana shu jihatlar bo‘lmas ekan, uning yozganlari oddiy bayondan iborat bo‘lib qolaveradi. 

Bosma nashrlarning sifati va mazmunini boyitish soha xodimlaridan izlanish, ijodiy imkoniyatlardan keng foydalanishni taqazo etadi. Buning uchun eng avvalo, tahririyatda zarur shart-sharoit, malakali mutaxassislar bo‘lishi muhim. Ayni kunda matbuot nashrlarini malakali mutaxassislar bilan to‘ldirish ham muhim masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. 

Qay darajada gazetxonmiz?

Bugun viloyat aholisi bosma matbuot nashrlari bilan qay darajada ta’minlanganligi haqida gapirish mantiqqa unchalik to‘g‘ri kelmaydi. Chunki, gazetalar adadi juda kam. Tarixchilarning ta’kidlashicha, hatto Ikkinchi jahon urushi yillarida ham viloyatda bugungidan ko‘proq adadda gazetalar chop etilgan ekan. Aslida bunday holat bugun butun respublikamizda kuzatilmoqda. 

Keling, fakt va raqamlarga murojaat qilaylik. 2017 yilda viloyatga "O‘zbekiston pochtasi" OAJ viloyat filiali hamda "Andijon matbuot tarqatuvchi" MCHJ tomonidan yil boshida haftasiga obuna bo‘yicha 231,5 ming nusxa, chakana sotuv bo‘yicha esa 56 ming nusxa xorijiy, respublika, viloyat, tuman, shahar gazeta va jurnallari tarqatilgan. Bundan tashqari, viloyatdagi turli tahririyatlar orqali 4,5 ming nusxa gazeta, jurnal obunachi va xaridorlarga yetkazib berilgan. Umuman, obuna va sotuv bo‘yicha tarqatilgan qariyb 289 ming nusxa bosma nashrlar viloyatning 3 million aholisiga taqsimlanganda,  taxminan har 10,4 kishiga bir nusxa haftalik gazeta to‘g‘ri kelgan.

2019 yil boshiga kelib, obuna va sotuv bo‘yicha viloyat aholisiga 64 ming nusxa gazeta va jurnal yetkazib berilgan. Ana shu nashrlar viloyat aholisiga taqsimlanganida 46,8 nafar kishiga haftasiga bir nusxa gazeta va jurnal to‘g‘ri kelgan edi. bugungi kunga kelib, viloyatda bir haftada tarqatilayotgan barcha turdagi 20 ming nusxadan ortiq gazeta va jurnalni viloyat aholisiga taqsimlaydigan bo‘lsak, “qay darajada ziyoli (gazetxon)” ekanligimiz ma’lum bo‘ladi. 

Tuman, shahar hokimliklari o‘z muassisligidagi gazetalarning chop etilmayotganligiga, Tahririyatlarda yuzaga kelgan qiyin iqtisodiy holatga, jamoada ishlayotgan xodimlar taqdiriga befarq qaramasligi, imkon qadar ularni qo‘llab-quvvatlashi, gazetalar obunasiga yordam ko‘rsatishi zarur. 

Andijon viloyatining tuman va shahar hokimliklaridan o‘zlari muassisligidagi gazetalarning chop etilmayotganligi, davriyligi aslida haftalik bo‘lsa-da, bir oyda bir yoki ikki marta, atigi 200-350 nusxada chiqayotganligi yuzasidan munosabat kutib qolamiz. 
 

Faxriddin UBAYDULLAEV,

Zuxriddin UMRZOQOV (surat),

O‘zA