FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Manzura Salimova Quva tumanida bo‘lib, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, tadbirkorlik va ijtimoiy sohaga oid dolzarb masalalar yuzasidan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Deputat dastlab tuman hokimligida 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi doirasidagi yig‘ilishda ishtirok etib, tibbiyot muassasalarining holati va faoliyatini yaxshilash bo‘yicha takliflar berdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 21 oktyabrdagi “Hududlarni barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun tuman (shahar) hokimliklari faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati, shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi va mahalla tizimi samaradorligi masalalariga alohida to‘xtaldi.
Tashrif doirasida Manzura Salimova qator tadbirkorlik sub’ektlarida bo‘ldi. Jumladan, Nodirbek Asqarovga tegishli meva-sabzavot saqlash omborxonasi, “Yingtai Agro Cultural Food Technology” O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi hamda “Investex Group” to‘qimachilik fabrikasi faoliyati bilan tanishdi. Korxonalarning eksport salohiyati, yangi ish o‘rinlari yaratish va Yevropa bozoriga chiqish rejalari muhokama qilindi.
[gallery-26220]
Shuningdek, deputat mahalliy aholi bilan uchrashib, davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini tushuntirdi, korrupsiyaning oldini olish, aholi farovonligini ta’minlash borasidagi vazifalarni belgilab berdi. Manzura Salimova Quva tumanidagi 62-maktab, “Omad Shifo” reabilitatsiya markazi hamda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun mo‘ljallangan “Mehr” va “Imkon” muassasalarida ham bo‘lib, ularning faoliyati, isitish tizimi va qish mavsumiga tayyorgarlik holatini o‘rgandi. Tashrif yakunida deputat ijtimoiy soha ob’ektlaridagi ishlarni yuqori baholab, aholi farovonligi yo‘lida mas’uliyatni yanada oshirish zarurligini ta’kidladi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA