Nurafshon shahrida Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan davlat va jamoat tashkilotlari mas’ullari qatnashdi.
Dastlab Kengash a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 11 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonuniga asosan fuqarolar yig‘inlari raislari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha masala ko‘rib chiqildi. Shu bo‘yicha O‘zbekiston mahallalar uyushmasining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i F.Xudoyberdiyevning axborot tinglandi.
Unga ko‘ra, joylarda saylov jarayonlari joriy yilning may oyidan bosqichma-bosqich o‘tkazilishi belgilangan. Toshkent viloyati bo‘yicha 1 ming 25 ta mahallaga rais saylanishi ko‘zda tutilgan. Sessiyada Fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Toshkent viloyati komissiyasi tarkibi tasdiqlandi. Bundan tashqari, mazkur jarayonlarni samarali o‘tkazish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar xususida atroflicha ma’lumot berildi.
[gallery-21858]
Shuningdek, kun tartibiga asosan ichimlik suvi ta’minoti, ichki yo‘llarni ta’mirlash, hududda sportni rivojlantirish kabi bir qator masalalar ko‘rib chiqildi. Jumladan, viloyat hududida 2024 yil atrof-muhitni muhofaza qilishning amaldagi holati bo‘yicha axborot tinglandi. Qayd etilishicha, ekologiyaga oid qonunbuzarliklarning oldini olish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
Xususan, inspektorlar tomonidan o‘tgan yil 6 ming 950 dan ziyod nazorat va profilaktika tadbirlari olib borilgan bo‘lib, 5 ming 779 nafar huquqbuzarga nisbatan jarimalar qo‘llanilgan. Tuman-shaharlarda 26,4 gektar “Yashil bog‘”lar, 25,2 gektar “Hokimlik bog‘lari” va 25,7 gektar “Yashil jamoat parklari”, 6 ta shaharda “Yashil belbog‘”lar barpo etildi.
Sessiyada barcha ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.