Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazdi. Unda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, hokimlik guruh va kotibiyatlar mudirlari, viloyat boshqarma va tashkilotlar rahbarlari, shuningdek, hududiy studiyalardan tuman va shahar hokimlari hamda tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirok etdi va bir qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, qish-bahor mavsumi uchun oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish bevosita narx-navo barqarorligini ta’minlaydigan, aholi kayfiyatini belgilaydigan g‘oyat ahamiyatli vazifadir. Viloyat agrar tarmog‘ida bu yil sabzavot va kartoshkachilikda, shuningdek, boshqa kundalik iste’mol mahsulotlar bo‘yicha barakali hosil yetishtirildi.

Har bir hudud bo‘yicha mahsulotlarning tegishli zaxirasini yaratish, ularni bozorlarda mahsulot kamaygan, xalq ta’biri bilan aytganda “ilikuzildi” paytlarda peshma-pesh arzon narxlarda bozorga chiqarish, shu tariqa narx-navo oshmasligini ta’minlash mahalliy hokimliklar faoliyatining muhim yo‘nalish hisoblanadi.

Qayd etilganidek, hududdagi omborlar va tayyorlov-saqlov korxonalarida shu kungacha mahsulotlarning ulkan zaxirasi yaratilgan. Avvalroq viloyat hokimi saxovatli kuzning pishiqchilik pallasidan boshlab har bir hududning asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bo‘yicha qo‘shimcha zaxirasi bo‘lishi shartligini, buning uchun yaratilgan imkoniyat va berilayotgan moddiy resurslarni to‘g‘ri yo‘naltirib, har qachongidan ham ko‘proq mahsulot jamg‘arish topshirig‘ini bergan edi.

Bu masala yuzasidan tuzilgan ishchi guruhning o‘rganishlar natijalari bo‘yicha hisoboti tinglanib, kamchilikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilar jiddiy ogohlantirildi va mahsulotlar o‘rnini zudlik bilan to‘ldirish choralari belgilandi. Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish, viloyatda voyaga yetmaganlar foydasiga aliment undirish holatlari ham atroflicha tahlil qilinib, bu yo‘nalishlardagi ishlarni doimiy nazoratda tutish lozimligi ta’kidlandi.
Zoyir Mirzayev barcha mas’ullar e’tiborini kirib kelayotgan Yangi yil bayramiga har taraflama puxta tayyorgarlik ko‘rish, sog‘inib kutiladigan bayramni aholiga chinakamiga xush kayfiyat ulashib qarshilash zarurligiga qaratdi. Shu munosabat bilan, viloyat rahbari tegishli mas’ullarga, hokimlarga joylarda Yangi yil tadbirlari va bayram tomoshalarini uyushqoqlik bilan, puxta ssenariylar asosida o‘tkazish, archa maydonlaridagi tadbirlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasiga alohida e’tibor qaratish, Yangi yil timsollari bo‘lgan ertak qahramonlari ishtirokidagi har bir tomoshani odamlarga, bolajonlarga manzur qilish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Shu bilan birga, bozorlarda narxlarning asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarini yo‘lga qo‘yish, bayram tomoshalari o‘tkaziladigan har bir maydon va maskanda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, davlat idoralarida tunu kun navbatchilik va tezkor xizmatlarni tashkil etish, kommunal sohalar bo‘yicha shtablar faoliyatini kuchaytirilgan rejimda davom ettirish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berildi.
A.Musayev, O‘zA.