Toshkent Fotosuratlar uyida iste’dodli rassom Sardor Nugmanovning “Qaytish” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Ko‘rgazmada tabiat, texnologiya va ekologiyaning o‘zaro ta’sirini ochib beruvchi 50 ta kartina va 4 ta tematik instalyatsiya taqdim etildi.
—Ko‘rgazmada dolzarb ekologik muammolarga e’tibor qaratilgan, — dedi Ekologiya vazirligi mutaxassisi Zarina Abdullayeva. — Xususan, ichimlik suvining yildan-yilga kamayib borayotgani va ifloslanayotgani, chiqindilarning atrof-muhitga salbiy ta’siri, shaharsozlik oqibatlari, qayta tiklanadigan energiyaga zarurat, texnologiyalar va sun’iy intellektning ahamiyati va boshqa mavzularga chuqur yondashilgan. Bu esa ko‘rgazma katta ahamiyatga ega ekanini anglatadi.

Shuningdek, ko‘rgazmadan tabiatdan ilhomlanib ishlangan manzaralar va afsonaviy qiyofalar, texnologiya va tabiat o‘rtasidagi muvozanatni aks ettirgan ekspozitsiyalar, sof tabiat va hayot manbasi tasvirlari ham o‘rin olgan.
—Maqsadim insonlarga bizni o‘rab turgan ona tabiat bilan bog‘liq muammolarni yanada yorqinroq shaklda yetkazib berish va ularga birgalikda yechim izlashga undashdir, —deydi Sardor Nugmanov. — Shuning uchun ham nafaqat ko‘rgazmadagi asarlar, balki instalyatsiyalarda aynan ekologik muammolar aks ettirilgan.

Ta’kidlash joizki, mazkur ko‘rgazma insonlarni tabiatga yanada e’tiborliroq bo‘lishga undaydi. Unda 2050 yilga borib dunyo suv tanqisligi borasida jiddiy muammoga duch kelishi, texnologiyalarning atrof-muhitga ta’siri ortib borishi, ekologik inqiroz kuchayishi ehtimollari kabi masalalarga alohida urg‘u qaratilgan.
Ko‘rgazma joriy yil 23 fevralgacha davom etadi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA