O‘quv yili yakunlanishi arafasida, 15 may kuni davlatimiz rahbari boshchiligida maktab ta’limi tizimidagi islohotlar samaradorligini yanada oshirish hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yozga ta’til davrida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil qilish uchun teatr, madaniyat markazlari va konsert zallari, sport maydonchalari, oromgoh va turizm ob’ektlari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligi, maktablarda kunduzgi oromgohlar, sport, fan va kasb-hunar to‘garaklari tashkil etilishi belgilandi.
Shu maqsadda 1 iyundan 30 avgustgacha “Zarbdon 90 kunlik” e’lon qilinib, maktab o‘quvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni sog‘lomlashtirish va har tomonlama rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilishi zarurligi ta’kidlandi.
Belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida Samarqand viloyatida ham amaliy ishlar boshlandi.
– Yozgi ta’tilni samarali tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – ota-onalar ishda bo‘lgan paytda bolalarni e’tiborsiz qoldirmaslik, ularning vaqtini foydali mashg‘ulotlar bilan o‘tkazishlariga erish, – deydi Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov. – Buning uchun viloyatimizda 90 kun davomida 17 ta ko‘rik-tanlov, 19 ta musobaqa va 54 ta turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish hamda 210 mingdan ortiq o‘quvchi-yoshlarni qamrab olish rejalashtirilgan. Buni qanday amalga oshiramiz? Avvalo, ana shu 90 kunda har bir haftada muayyan yo‘nalishda tanlov va musobaqalar, intellektual o‘yinlar o‘tkazamiz. Masalan, bir hafta shaxmat-shashka musobaqasi tashkil etilsa, keyingi hafta yosh kitobxonlar tanlovi, so‘ngra “Zakovat” intellektual o‘yini, kibersport musobaqasi, futbol, voleybol bahslari tashkil etiladi. Shu tarzda har bir haftada belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha tadbirlar uyushtiriladi.
Hozir viloyatdagi barcha maktablarda sport, musiqa, kitobxonlik va kompyuter savodxonlik yo‘nalishlarida to‘garaklar tashkil etildi. Shu bilan birga, 17 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabida mavjud 7 ta yo‘nalishdagi 1363 ta to‘garakka 43 ming nafardan ortiq o‘quvchi qamrab olinmoqda. 57 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida faoliyat boshlagan sog‘lomlashtirish maydonchalarida 13 ming nafarga yaqin o‘quvchilar dam olib, sog‘lomlashtiriladi. Uch oy davomida o‘quvchilar uchun viloyat miqyosida tarixiy shaharlar va diqqatga sazovor joylarga sayyohatlar tashkil etiladi, turizm ob’ektlari, muzeylar bilan tanishish ko‘zda tutilgan.
Shu va boshqa tadbirlar orqali “Dolzarb 90 kunlik” davomida 698 ming nafar o‘quvchini qamrab olish ko‘zda tutilgan.
Darvoqe, o‘quvchilar o‘rtasidagi “Turon maktab teatri” hamda “Iqtidor maktab ansambli” respublika tanlovlarining yakuniy mamlakat bosqichlarini ham Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. 17-19 iyun kunlari o‘tkaziladigan mazkur tadbirlar Registon maydonida boshlanadi va 18 iyun viloyat musiqali drama teatrida “Turon maktab teatri” tanlovining respublika bosqichi, 19 iyun kuni “Nurafshon” san’at saroyida “Iqtidor maktab ansambli” tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tadi. Tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimi Samarqand xalqaro turizm markazidagi “Boqiy shahar” majmuasida o‘tkaziladi.
– Shu kunlarda ko‘pchilikni “yozgi ta’til paytida maktablarda to‘garaklar, sog‘lomlashtirish oromgohlari tashkil etilsa, o‘qituvchilar qachon dam oladi?” degan savol ham qiziqtirayogani tabiiy, – deydi M.Hamdamov. – Albatta, bu masalalar ham e’tiborga olinib, imkon qadar o‘qituvchilarning ta’tiliga xalaqit qilmagan holda ishlar tashkil etilmoqda. Jarayonda qatnashadigan o‘qituvchi va murabbiylarga ish haqi to‘lanishi belgilangan.
Bugun Samarqand shahridagi 9-umumta’lim maktabida “Dolzarb 90 kunlik” doirasida viloyatdagi yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalarining ramziy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktabdan tashqari ta’limni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Indira Xoldorova, Samarqand viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Hamdamov ishtirok etib, o‘quvchilarga yozgi ta’til vaqtini mazmunli, samarali o‘tkazishlarini tiladi.
[gallery-23855]
– O‘quvchi yoshlarning yozgi dam olish vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratilgan yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalarida ta’lim, sport, san’at to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, – deydi Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Akmal Olimov. – Yozgi sog‘lomlashtirish maydonchalariga viloyat miqyosida to‘rt bosqichda 12805 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtrilgan. To‘garaklarning samarali ishlashi hamda yetarli sharoit yaratish maqsadida yirik qamrovga ega maktablar tanlab olingan. Shuningdek, to‘garaklarni tashkil etishda ta’lim sifati past hududlarda yozgi ta’tildan unumli foydalanish maqsadida fan to‘garaklariga ko‘proq e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbir doirasida xalqaro ta’lim sinovlarida ishtirok etgan umumta’lim maktablariga vazirlik tomonidan berilgan elektron doskalar tantanali topshirildi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari