Prezident topshirig‘i amalda
Ma’lumki, Prezidentimiz boshchiligida o‘tkazilgan ta’lim sohaga oid videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi.
Ayni kunlarda Toshkent viloyati hududlaridagi ta’lim dargohlari bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga alohida e’tibor qaratgan.

– Yoz fasli davomida 210 ming nafar o‘quvchi-yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari tashkil etildi. Bu turdagi ishlarni tashkil etish uchun Mahalla uyushmasi, Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 90 kunga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Viloyat va tuman (shahar) rahbarlari har bir maktabga biriktirildi. Bunda maktablardagi kutubxona, sport zal, kompyuter va to‘garak xonalari to‘liq faoliyat yuritmoqda. Bundan tashqari, “Dolzarb 90 kun” doirasida 144 ta kunduzgi oromgohlar tashkil etilib, bugungacha 230 tadan ortiq fan, san’at va madaniyat, sport to‘garaklariga 27 ming 626 nafar o‘quvchi qamrab olindi, – deydi Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi sho‘’ba boshlig‘i Botirjon Azizov.
Joylardagi “Barkamol avlod” bolalar maktablarida tashkil etilgan to‘garaklar samarali faoliyat yuritmoqda. Shundan “Madaniyat va san’at”, “Texnika, konstruktorlik”, “Jismoniy tarbiya va sport”, “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati”, “Turizm va ekologiya”, “Oliy ta’lim va maktabga tayyorlov”, “Xorijiy tillar” yo‘nalishiga yoshlarning qiziqishi katta. Ushbu to‘garaklarda jami 781 nafar pedagog xodimlar faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 877 ta umumta’lim maktablarida “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli jamoalari tashkil etilib ularga 10 ming 524 nafar o‘quvchi jalb etildi.

Mazkur jarayonlar bilan tanishtirish maqsadida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Angren shahridagi umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan ishlarni jamoatchilikka namoyish etish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Unda OAV vakillari, blogerlar va soha mutaxassislari maktablardagi mavjud sharoitlar, o‘quvchilar va yoshlar bilan olib borilayotgan faoliyatlar ta’limiy mashg‘ulotlar, sport va sog‘lomlashtirish tadbirlari, ijodiy loyihalar bilan tanishdi.

Xususan, “Navro‘z” mahalla fuqarolar yig‘ida joylashgan 17-umumta’lim maktabi hududda namunali hisoblanadi. Bu yerda jurnalistlarga “Dolzarb 90 kun” doirasida hunarmandchilik, milliy qadriyatlarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar hamda yosh rassomlarning tasviriy san’at yo‘nalishidagi ijod namunalari ko‘rsatildi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini, “Salomatlik – sog‘liq garovi” shiori ostida futbol bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. Faol jamoalar munosib rag‘batlantirildi.
Ta’kidlash lozim, “Yoz – 2025” sport musobaqalari doirasida sportning voleybol, mini futbol, shaxmat-shashka turlari bo‘yicha turli xil sport o‘yinlari bolalarda katta taassurot qoldirmoqda.

Shu bilan birga, o‘quvchilarni tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha “Viloyat bo‘ylab sayohat” loyihasi asosida o‘quvchilar sayohatlarga ham olib borilmoqda.
Umuman olganda, yozgi dam olish kunlari viloyat yoshlari uchun samarali bo‘lmoqda. Bu esa boshlanayotgan yangi o‘quv yilida bilimlarni mustahkamlashga yordam beradi.

A.Musayev,O‘zA.