Davlatimiz rahbari boshchiligida ta’lim sohaga oid o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yozgi ta’til davrida o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bo‘yicha “Dolzarb – 90 kun” tadbirlarini yuqori darajada tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar belgilangan edi.
Shu kunlarda Toshkent viloyatida ham mazkur tashabbus doirasidagi sa’y-harakatlar belgilangan tartibda olib borilmoqda. Hudud bo‘yicha 144 ta kunduzgi oromgohlar hamda 17 ta statsionar oromgohlar, 23 ta “Barkamol avlod” bolalar maktablari, 50 ta madaniyat markazlari va 33 ta bolalar musiqa va san’at maktablari, 5 ta muzeylar, 34 ta sport maktablari, 22 ta Turon axborot kutubxona markazlari yoshlar ixtiyorida bo‘lmoqda.

Xususan, Qibray tumanidagi 14 umumta’lim maktabida “Birlashsak, Vatanmiz” deya nomlangan ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda tuman maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri Flora Yuldosheva o‘quvchilarning yozgi dam olish vaqtida o‘tkazilayotgan “Dolzarb – 90 kun” loyihasining ahamiyati haqida gapirdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Rahmatilla Sheraliyev yoshlar davrasida samimiy suhbat qildi. Asosiy e’tibor Vatan madhiga qaratildi.

Shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi. Yoshlar ongi va tafakkurining shakllanishida badiiy adabiyotning, xususan she’riyatning o‘rni va ahamiyati haqida munozaralar qilindi. O‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga ijodkorlar atroflicha javob berdi. Tadbir barchada iliq va samimiy taassurot qoldirdi.
Bundan tashqari, Oliy ta’lim muassasalari rektorlari va ularning o‘rinbosarlarini maktablarga biriktirish orqali “Rektor kubogi”, “Kibersport” onlayn sport musobaqalari va “Amaliy kimyo laboratoriyasi”, “Amaliy fizika laboratoriyasi” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘quvchilarni tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha “Viloyat bo‘ylab sayohat” loyihalari amalga oshirilmoqda. Mazkur tadbirlarni amalga oshirish uchun tuman, shaharlarda kunlik reja asosida ma’naviy-ma’rifiy, sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha reja-grafiklar ishlab chiqildi.

Ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olib, yozgi ta’til davrida bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha o‘quvchi yoshlarni kasbga qiziqishini oshirish va o‘qitish uchun O‘rta Chirchiq tumani va Nurafshon shahridagi ayrim maktablarda “Yozgi kasb markazlari” tashkil qilingan. Unda yoshlar mebelsozlik, dizaynerli, IT dasturi bo‘yicha ishlash, robototexnika, pazandachilik, tikuvchilik va kashtachilik kasblari bo‘yicha 3 oylik kurslarga qatnaydi.
Joriy yilgi yozgi ta’til bolalarga foydali bo‘lishi, bekorchi ishlardan holi va o‘z navbatida taassurotlarga boy o‘tishi choralari ko‘rilgan.
A.Musayev, O‘zA.