Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dolzarb – 90 kun”: ta’til kunlari mazmunli tashkil etiladi
19:15 / 2025-06-04

Toshkent viloyati hokimligida yozgi ta’tilda yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha “Dolzarb – 90 kun” doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, sektor rahbarlari, prokuratura, ichki ishlar organlari mas’ullari, yoshlar ishlari, ta’lim va madaniyat kabi sohalarga taalluqli tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirok etdi. Shuningdek, onlayn tarzda tuman-shaharlardan ham tegishli mutaxassislar qatnashdi. 

Qayd etilganidek, davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan ta’lim sohasiga oid videoselektor yig‘ilishida berilgan vazifalarning joylarda amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Xususan, 31 may kuni start olgan barcha maktablarda “Dolzarb –90 kun” doirasida yoz fasli davomida 500 ming nafar o‘quvchi-yoshlar uchun madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlari kasb to‘garaklari tashkil etiladi. Bunda kunduzgi va statsionar oromgohlar, “Barkamol avlod” bolalar maktablari, madaniyat markazlari va bolalar musiqa va san’at maktablari, muzeylar, Turon axborot kutubxona markazlari yoshlar xizmatida bo‘ladi.

Shuningdek, tuman va shaharlar markazlarida “Turon” maktab teatri va “Iqtidor” maktab ansambli jamoalarining konsert dasturlari tashkil etiladi. O‘quvchilarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga oid “Ibrat farzandlari”, “Qizlar akademiyasi”, “Mutolaa”, “Yosh kitobxon oila”, “Zakovat” intellektual o‘yinlari o‘tkaziladi.

“Ma’naviyat festivali” doirasida “Zukko bolajon”, “Kitobxon yosh – 2025”, “Kino-karvon” loyihalari hamda shoir, yozuvchi, san’atkorlar bilan ijodiy uchrashuvlar va ularning yangi chop etilgan kitoblar taqdimoti va madaniy tadbirlar tashkil etiladi. O‘quvchilarni tarixiy obidalar va diqqatga sazovor joylar bilan yaqindan tanishtirish bo‘yicha “Viloyat bo‘ylab sayohat” loyihalari amalga oshiriladi.

Yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida, dual ta’lim konsepsiyasi bo‘yicha potensial ish beruvchi va ta’lim tashkilotlari o‘rtasida yoz oylarida hamkorlikda faol ish olib borish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Yig‘ilishda kun tartibidagi masala yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi. Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etib, bildirilgan takliflar asosida ishchi rejani qayta ishlash topshirildi. 

A.Musayev, O‘zA.