Farg‘ona viloyatida ham “Dolzarb 90 kun” dasturi ijrosi doirasida maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Maktablarni ta’mirlash va rekonstruksiya qilish ishlari faol olib borildi. 30 ta umumta’lim maktabida kapital ta’mirlash ishlari yakunlandi, 12 ta yangi maktab yoki yo‘ldosh binolar qurilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. 200 dan ortiq yangi sinf xonalariga kompyuterlar va interaktiv o‘yinlar jihozi o‘rnatildi.

Qishloq joylardagi maktablarni internet bilan ta’minlash darajasi oshib, yangi Wi-Fi tarmoqlari joriy etildi. Bu, ayniqsa, masofaviy ta’limni yaxshilashga xizmat qiladi.
“Bir maktab – bir loyiha” tamoyili asosida har bir maktab o‘quvchilari ishtirokida ijtimoiy, ekologik va madaniy yo‘nalishlarda ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘qituvchilar malakasini oshirish maqsadida 3000 dan ko‘p pedagoglar uchun maxsus qayta tayyorlash kurslari tashkil etildi.
“Dolzarb 90 kun” tadbiri doirasida Farg‘ona viloyatida ta’lim sifatini aniqlash bo‘yicha ham ishlanma amaliyotga joriy etildi. 100 dan ortiq maktabda interaktiv mashg‘ulotga yordam berishi mumkin bo‘lgan SMART-tahsil sinfxonalari tashkil etildi.

Dang‘ara tumani misolida ko‘radigan bo‘lsak, o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni ma’nan yetuk, jismonan sog‘lom hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida 2-, 19- 20-, 26-, 33-umumta’lim maktablarida kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohlari tashkil etildi. Ularda jami 1500 nafar o‘quvchi 3 navbatda maroqli dam oladi.
Shuningdek ushbu yozgi sog‘lomlashtirish oromgohlarida dam oluvchi o‘quvchilar hamda 2143 nafar 11-sinf bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga tayyorgarlik ko‘rdi.

“Dolzarb 90 kun” doirasida “Yangi O‘zbekistonda-yangicha dunyoqarash” g‘oyasini o‘quvchilar ongiga singdirish, keyingi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat rahbarining yoshlarga ko‘rsatayotgan e’tibori, mamlakat kelajagida yoshlarning o‘rni muhim ekanligi yuzasidan davra suhbatlar o‘tkazish, o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek fan, sport, san’at yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish, zakovat intellektual o‘yinlarini, turli sport musobaqalarini o‘tkazish orqali bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish hamda jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk qilib tarbiyalashdek yo‘nalishlar amalga oshirilyapti.
“Dolzarb 90 kun” dasturi ijrosi haqida Dang‘ara tumani MMTB bosh mutaxassisi Abdulaziz Miromonov bizga yana shularni gapirib berdi.
– Tumandagi 41 ta umumta’lim maktabida dolzarb 90 kunlik e’lon qilingan. Bu tadbirga 25 ming o‘quvchi qamrab olindi. Reja asosida birinchi haftada ma’naviy ma’rifiy, ikkinchi haftada kitobxonlik, uchinchi haftada madaniy va to‘rtinchi haftada sport tadbirlari o‘tkazilib kelinmoqda. Jami 800 nafar o‘qituvchilar biriktirilib, rejadagi to‘garaklar ishlatilyapti. Har kuni o‘qituvchilar 2-sinfdan 10-sinfgacha o‘quvchilarni ingliz tili, kimyo, biologiya, informatika, shaxmat, sport to‘garaklari orqali bo‘sh vaqtlarini band qilmoqda. Dolzarb 90 kunlik doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar hali davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/x6OfghZAiXc?si=57ff92eBspizeXUs" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muallif: Muhammadjon Obidov
Tasvirchi: Elyor Olimov