Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dolzarb 90 kun”: shaxsiy javobgarlik va amaliy natijalar
08:58 / 2025-07-29

Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyat va tuman darajasidagi davlat idoralari oldidagi dolzarb vazifalarni belgilash, joylardagi aniq muammolar yechimiga qaratilgan tizimli yondashuvni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Dolzarb 90 kun” tadbirlari davom etmoqda.

Mazkur tashabbus doirasida Namangan viloyatida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu jarayon samaradorligi, ijtimoiy sohalardagi holat va amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama etildi.

Viloyat hokimining o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, viloyat tashkilotlari rahbarlari, shahar va tuman hokimlari hamda ularning tegishli sohalar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirokidagi yig‘ilishda yoshlar siyosati, aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, yozgi ta’til davrida o‘quvchi yoshlar bandligini tashkil etish, joylarda fuqarolar murojaatlari bilan ishlash hamda sayyor qabullar natijalari muhokama qilindi. Mutasaddi rahbarlar tomonidan “Dolzarb 90 kun” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisobotlar berildi. Muhokamalar davomida aniq kamchiliklar va hal etilmagan masalalar tanqidiy tahlil etildi.

Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash hamda faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan, bilimli va tashabbuskor avlodni tarbiyalash masalalari ham muhokamadan alohida o‘rin egalladi. Viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Shuhrat Aliyev bu boradagi amaliy ishlar haqida axborot berdi.

Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, mahallalarda aholining ijtimoiy faolligini kuchaytirish, yozgi mavsumda madaniy-ma’rifiy tadbirlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Bu orqali ijtimoiy barqarorlik va jamiyatda faol fuqarolik muhitini shakllantirish maqsad qilib qo‘yildi.

Fuqarolar murojaatlari va sayyor qabullarda ko‘tarilgan masalalarni o‘z vaqtida hal etish, odamlar hayotida ijobiy o‘zgarishlarga erishish  hokimliklar faoliyati samarasining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lishi lozimligi ta’kidlandi.

Yig‘ilish yakunida, “Dolzarb 90 kun” doirasida belgilangan har bir vazifa amaliy natija berishi, xalq roziligiga xizmat qilishi kerakligi ta’kidlandi. Bu esa “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilini hayotga to‘liq tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.