O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Xalq ta’limi tizimidagi maktabdan tashqari ta’lim samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni kasbga yo‘naltirish, ular orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yosh avlodning ijodiy qobiliyati va iste’dodini rivojlantirish borasida Kegeyli tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlarning yozgi ta’til davrini mazmunli tashkil etish, ularni madaniy, ma’rifiy va sport tadbirlariga faol jalb qilish maqsadida joriy etilgan "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish, maktabdagi to‘garaklar faoliyatini targ‘ib qilish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, hozirgi kunda tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabida 7 ta yo‘nalishda jami 26 ta to‘garak bo‘lib, ularga 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 832 nafar o‘quvchi jalb qilingan. O‘quvchilarga 30 nafar, shundan 45 nafar oliy, 15 nafar o‘rta-maxsus va 13 nafar tugallanmagan oliy ma’lumotli pedagog kadrlar ta’lim berib kelishmoqda.
Tashkil etilgan 4 ta “Madaniyat va san’at” to‘garagiga 121 nafar, “Texnika, konstruktorlik va modellashtirish” yo‘nalishidagi 6 ta to‘garakka 181 nafar, “Jismoniy tarbiya va sport” yo‘nalishidagi 1ta to‘garakka 44 nafar, “Hunarmandchilik va qo‘l mehnati” yo‘nalishidagi 7 ta to‘garakka 265 nafar, “Turizm va ekologiya” yo‘nalishidagi 1ta to‘garakka 44 nafar, “Oliy ta’lim muassasalari va maktabga tayyorlov” yo‘nalishidagi 5 ta to‘garakka 122 nafar, “Xorijiy tillar” yo‘nalishidagi 2ta to‘garakka 55 nafar o‘quvchi qatnashmoqda.
[gallery-25067]
Maktabda o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va ularni zamon talabi – chet tillarini mukammal o‘rganishlari uchun “Ingliz tili” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularda bilim olayotgan o‘quvchilar chet tillarini bilish bo‘yicha V2, S1 darajadagi sertifikatlarni olishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Shu bilan birga, o‘quvchilarni zamonaviy kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida “Kompyuter dizayni va grafikasi”, “Robototexnika” “Yosh dasturchi” kabi zamonaviy to‘garaklar tashkil qilinib, o‘quvchi-yoshlarning kompyuter savodxonligi bo‘yicha dastlabki bilim va ko‘nikmalari shakllantirilib kelinmoqda. Shuningdek, bitiruvchi o‘quvchilarni oliy ta’lim muassasalariga tayyorlash maqsadida “Matematika”, “Kimyo” to‘garaklarida tajribali, oliy toifali to‘garak rahbarlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
O‘quvchi-qizlarni kasb-hunarga yo‘naltirish uchun “Bichish-tikish”, “To‘qish, kashtachilik”, “Yosh qandolatchi va oshpaz”, “Madaniyat va san’at” yo‘nalishi bo‘yicha “Teatr olamiga sayohat”, “Qo‘g‘irchoq teatri”, “Tasviriy san’at”, “Liboslar dizayni” to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
O‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning iste’dodi va ijodiy qobiliyatlarini namoyon qilish maqsadida "Barkamol avlod" bolalar maktablarining to‘garak a’zolari o‘rtasida, xalqaro va respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar va musobaqalarda faol qatnashib, munosib o‘rinlarni egallab kelmoqda. 2024-2025-o‘quv yili sentyabr oyida o‘tkazilgan “Yosh ixtirochi” Respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Avtomodel” yo‘nalishi bo‘yicha “Kompyuter muhandisligi” to‘garagi a’zosi Rasul Mambetmuratov faxrli birinchi o‘rinni, respublika bosqichida esa uchinchi o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, “Madaniyat va san’at” yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan “Boysun bahori” ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Raspublikasi bosqichida “Miyras” guruhi birinchi, Respublikasi bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, to‘garaklarning a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan tashkil qilinayotgan onlayn ko‘rik-tanlovlarda ham faol ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egallab kelishmoqda.
Ommaviy axborot vositalari vakillari “Barkamol avlod” bolalar maktabida tashkil etilgan to‘garaklar faoliyati bilan tanishishdi va ishtirokchilar bilan suhbatlashishdi. Tadbir "Dolzarb 90 kun" loyihasi yakuniga bag‘ishlangan konsert dasturi bilan davom etdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA