Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida talaba-yoshlar bilan birga umumta’lim maktablari o‘quvchilarining ham yozgi ta’tildagi bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Nukus shahridagi 32-sonli umumta’lim maktabi bilan yaqin hamkorlikda o‘tkazilayotgan qator tadbirlar yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, jamoaviy ishlash qobiliyatini shakllantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy muhitni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shu kunlarda maktabda “Zakovat” intellektual o‘yini hamda sportning aqliy turlari – shahmat va shashka bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilmoqda. Bellashuvlar davomida yoshlar o‘z bilimlari, mantiqiy fikrlashi, diqqati va sabri orqali o‘z salohiyatini namoyon etish imkoniga ega bo‘ldilar.
Ta’kidlash joizki, oliy o‘quv yurti bilan bunday hamkorlik — yosh avlodni mustaqil fikrlovchi, bilimli va faol shaxs etib tarbiyalashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, filialning Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan shaxmat va shashka musobaqalari ham o‘quvchilarda strategik tahlil, to‘g‘ri qaror qabul qilish, ruhiy bardosh kabi ko‘nikmalarni shakllantirishda samarali platformalardan biriga aylandi.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi yoshlar hayotiga ijobiy turtki berayotgan tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan aqliy sport bellashuvlari nafaqat qiziqarli musobaqa, balki har bir ishtirokchining iqtidoriga yo‘l ochuvchi amaliy maktabdir.
Tadbir yakunida faol ishtirok etgan o‘quvchilar Oliy o‘quv yurti rahbariyati tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
“Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasidagi bu kabi intellektual va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar – ezgu maqsad sari birgalikda tashlanayotgan amaliy qadamlar hisoblanadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri