Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dolzarb 90 kun” – bu vaqt o‘tkazish emas, balki bilimga yo‘l
15:40 / 2025-07-22

Prezident topshirig‘i amalda

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Dolzarb 90 kun” loyihasi Toshkent viloyatida ham yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda. 

Aslida yozgi ta’tilda maktab o‘quvchilarining hammasi ham oromgohlarga qamrab olinmaydi. Ayrimlari bu vaqtda uyda o‘tkazadi. Natijada, ularda smartfon va internetga qaramlik ortadi. Ota-onalarning ishda ekani inobatga olinsa, ko‘p yoshlar kunduzi qarovsiz qoladi. Bu holat nafaqat maktab o‘quvchilari, balki oliy ta’lim muassasalari talabalari orasida ham kuzatiladi. Ayrimlari ishlasa, aksariyati turli ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘ladi, bu esa bor gap. 

Aynan mana shunday sharoitda yoshlarga ma’naviy ko‘mak berish, ularni ijodiy, ta’limiy va kasbiy faoliyatga jalb qilish muhimdir. Hozir barcha ta’lim muassasalarida yoshlar uchun fan, sport va kasb to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Toshkent davlat texnika universiteti Olmaliq filialida ham “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida bir qator ma’naviy-ma’rifiy va amaliy tadbirlar tashkil etilmoqda. 

1 iyundan start olgan ushbu loyiha avgust oyi oxirigacha davom etadi. Shu davr mobaynida maktab bitiruvchilari uchun davra suhbatlari, payvandlash to‘garaklari, ko‘chma laboratoriyalar hamda turli fanlar bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazilyapti. Bitiruvchi yoshlar oliygohdagi zamonaviy laboratoriya va o‘quv xonalari faoliyati bilan yaqindan tanishish, bilim va ko‘nikmalarini chuqurlashtirish imkoniga ega bo‘lmoqda. Bunday hamkorlikdagi faoliyat yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kelajakda raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlashda muhim qadam bo‘ldi. 

Shuningdek, yoshlarning ma’naviy-axloqiy qiyofasini shakllantirishga qaratilgan psixologik treninglar ham tashkil etilib, mahallalar bilan hamkorlikda turli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ularda stressni boshqarish, ruhiy barqarorlikni saqlash va hayotdagi muammolarni yengib o‘tish borasida yoshlarga aniq yo‘l-yo‘riqlar berilmoqda. 

Bundan tashqari, yoz oylarida yoshlarning jismoniy faolligini oshirish, sportga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish maqsadida ta’lim muassasalari sport maydonlari va zallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Masalan, OTM va maktablar hamkorligida yoshlarda sog‘lom raqobat muhitini yaratish maqsadida sportning turli yo‘nalishlarida musobaqalar tashkil etilyapti. 

“Dolzarb 90 kun” loyihasi esa yoshlar uchun faqat vaqt o‘tkazish emas, balki kelajak hayoti uchun zarur ko‘nikmalarni shakllantirish, bilim va ko‘nikmani boyitish, ijtimoiy faollikni oshirish yo‘lidagi ulkan imkoniyatdir. Har bir ustoz, ta’lim muassasasi va mahalla rahbari bu jarayonda faol ishtirok etishi, yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishda o‘z hissasini qo‘shishi bugungi kunning dolzarb vazifasidir. 

Alisher Samadov, 

TDTU Olmaliq filiali direktori, 

texnika fanlari doktori, professor. 

O‘zA.