Oqqo‘rg‘on tumanida “Dolzarb 50 kun” tadbirlari doirasida joriy yil paxta hosili uchun g‘o‘za maydonlarida agrotexnik tadbirlarning borishi yuzasidan press-tur o‘tkazildi.
Unda mas’ullar tomonidan dalalarda amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi. Ma’lumki, Toshkent viloyat hokimi Zoyir Mirzayev tomonidan bu yil ob-havo haroratining har yilga nisbatan yuqori kelishini inobatga olib, 2025 yil hosili uchun g‘o‘za parvarishida 5 iyuldan 25 avgustgacha “Dolzarb 50 kun” favqulodda vaziyat e’lon qilingan edi. Qishloq xo‘jaligiga mas’ul rahbarlarga amalga oshiriladigan asosiy agrotexnik tadbirlar to‘g‘risida kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar belgilab berildi.

Ishchi guruhlar tumandagi mutasaddi rahbarlar bilan birgalikda 5 iyuldan 25 avgustga qadar “Dolzarb 50 kun”da bir qator muhim tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Xususan, oqqo‘rg‘onlik fermerlar ham agronomlar bilan birga parvarishlanayotgan g‘o‘za ko‘chatlariga agrotexnik ishlovlar berishga alohida e’tibor qaratgan. Press-tur davomida jurnalistlar mazkur jarayonlar haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu yil suv tanqisligi va yuqori harorat zararli hasharotlarni ko‘payishiga qulay sharoit yaratib, g‘o‘zaga jiddiy zarar yetkazishni boshladi.

Shuning uchun Toshkent viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi g‘o‘za zararkunanda va kasalliklari eng ko‘p tarqalishi mumkin bo‘lgan maydonlar xaritasini ishlab chiqib, mas’ullarga yetkazish choralarini ko‘rmoqda. Karantin inspektorlari tomonidan g‘o‘za maydonlarining har 2 gektariga 1 donadan feromon tutqich, gektariga 4-5 donadan maxsus achitqilarni o‘rnatish, 1-1,5 ming donadan oltinko‘z, 2 ming donadan gabrobrakon hamda 2-3 grammdan trixogramma chiqarilishini ta’minlashga mas’ul etib belgilandi.
Ayniqsa ko‘sak qurti va o‘rgimchakkana aniqlangan maydonlarga kimyoviy preparatlar qo‘llashni man etish, zarur holatlarda faqatgina viloyat ishchi guruhlar ruxsati bilan sepish tavsiya etilmoqda.


A.Musayev,O‘zA.