French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Dolzarb 30 kunlik» tadbiri o‘tkazilmoqda
17:36 / 2024-04-15

Mamlakatimizda mavjud bog‘dorchilik, dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa, issiqxonalar va boshqa maydonlarni turli zararkunandalardan himoya qilish, yashil hududlar barpo etish bo‘yicha bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Ayni kunlarda Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi tomonidan poytaxtimizning 12 ta tumaniga biriktirilgan karantin inspektorlari tomonidan joriy yilning 27-martidan 26-apreliga qadar «Dolzarb 30 kunlik» tadbirlari o‘tkazilmoqda. 

Tadbirlar doirasida respublika hududlarida parvarish qilinayotgan ignabargli manzarali daraxt va butalarga zarar yetkazayotgan archa unsimon qurti hamda boshqa xavfli zararkunandalarga qarshi kurash olib borilmoqda. Bu haqda keng jamoatchilik orasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishga alohida e’tibor qaratilyapti. 

Mamlakatimizda o‘simliklar karantini tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. 

– Ma’lumki, ignabargli daraxt va butalar respublikamizning yashil maydonlarida katta hududlarni egallaydi, – deydi Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektori Nodira Mamadjonova. – Ushbu o‘simliklar havoni nafaqat kislorod bilan boyitish, balki dezinfeksiya qilish xususiyatiga ham ega. 

Ma’lumotlarga qaraganda yer yuzida ignabargli o‘simliklarning 400 ga yaqin navi bor. O‘zbekistonda esa archa turkumiga mansub turlari o‘sadi. Ushbu o‘simliklarning asosiy kushandasi archa unsimon qurti hisoblanib, hasharot archaning novda va barglariga o‘rnashib katta zarar yetkazadi. Ushbu zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurash tadbirlarini olib borish maqsadida Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan «Dolzarb 30 kunlik» karantin nazorat tadbirlari olib borilmoqda. 

Zararkunanda aniqlangan maydonlarni zararsizlantirish ishlari amalga oshirilib, laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilmoqda. 

Shuningdek, tadbirlar davomida fitosanitariya nazorat doirasida parvarishlanayotgan ignabargli manzarali daraxt va butalarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish ham belgilangan. Keyinchalik bu o‘simliklar hududlardagi davlat inspektor-agronomlar tomonidan to‘liq nazoratga olinadi. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA