So‘nggi yillarda yurtimizdagi mavjud bog‘dorchilik, dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa, issiqxonalar va boshqa maydonlarni turli zararkunandalardan himoya qilish, yashil hududlar barpo etish bo‘yicha bir qator xayrli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Ayni jarayonlarda esa O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining o‘z o‘rni bor.
Ayni kunlarda poytaxtimizning 12 ta tumaniga biriktirilgan karantin inspektorlari tomonidan “Dolzarb 30 kunlik” nazorat tadbirlari yo‘lga qo‘yilgan.

Tadbirlar doirasida respublika hududlaridagi issiqxonalarda yetishtirilayotgan poliz ekinlariga jiddiy zarar yetkazib, eksport hajmi kamayishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan “Pomidorning jigarrang bujmayishi” kasalligi hamda madaniy o‘simliklarning o‘sish va rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan “Pomidor kuyasi”, “Sitrus inli kuyasi”, “Sitrus oqqanoti” kabi zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurashni tashkillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Olib borilayotgan nazorat tadbirlari davomida zararli organizmlar mavjudligi shubhaga olingan o‘simliklardan namunalar olinib, sayyor laboratoriyalar yordamida tekshirilmoqda. Monitoring davomida karantin ostidagi mahsulotlarda zararkunandalar aniqlansa, belgilangan tartibda zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlari tashkil etilayapti.

Sh.Mamaturopova, O‘zA