Shu kunlarda “Dolzarb-30 kun” oyligi doirasida bir qator profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olishda aniq va tabiiy fanlarning o‘rni” Respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda soha xodimlari tomonidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi mavjud muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.

– Jamoat xavfsizligini ta’minlashda texnogen va tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni samarali bartaraf etish tizimini takomillashtirish, bu jarayonda aniq va tabiiy fanlarning hamda innovatsion texnologiyalarning o‘rni, yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralarini rivojlantirish muhim sanaladi, –dedi Akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov.

Shuningdek, anjumanda olimlar va soha mutaxassislari aynan ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari, barcha turdagi ta’lim muassasalari hamda aholi ko‘p yig‘iladigan maskanlarda favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi muhim masalalar bilan birga yong‘inga qarshi muhofaza tizimidagi yangicha zamonaviy yondashuvlar va sohaga oid ilm-fan yutuqlari xususida keng fikr-mulohazalar bildirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA