O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi jamoasi yurtimiz bo‘ylab joriy yilning 10 martidan 10 apreliga qadar “Dolzarb 15 kunlik” deb e’lon qildi.
Soha mutaxassislarining fikriga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi va yog‘ingarchilik ko‘payotgani sababli “Archa unsimon” qurti kasalligi tez rivojlanish kuzatilmoqda.
“Archa unsimon” qurti zararkunandaning lichinka va urg‘ochilari archaning novdalari va barglarini so‘rib zarar yetkazadi va ular barcha yer ustki qismlari bilan oziqlanadi. Kattaligi 2-3 millimetr bo‘lgan bu qurt sarg‘ish, qizg‘ish, kulrang tusda bo‘lib, mart-aprel oylarida paydo bo‘ladi. Tuxum qo‘yishi may-iyun oylarida kuzatilib, o‘rtacha 280 tagacha tuxum qo‘yadi. “Archa unsimon” qurti ichki karantin ahamiyatiga molik zararkunanda sifatida ro‘yxatga olingan. U tarqalgan joylar va hududlar aniqlanishi hamda bu joylardagi archa ko‘chatlarini boshqa joyga ko‘chirish mumkin emas. U igna bargli va manzarali daraxtlarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Dolzarb oylik doirasida hududlardagi ekinlar turli zararkunandalardan himoya qilinmoqda. Zararli begona o‘tlar tarqalishining oldini olish uchun bog‘dorchilik va dehqonchilik xo‘jaliklari, shaxsiy tomorqa, korxona, tashkilot, katta yo‘l bo‘ylari va boshqa maydonlarda karantin inspektorlari nazorat tadbirlarini olib bormoqda. Xususan, poytaxtimizdagi yashil maydonlar, shoh ko‘chalar va aholi yashash joylaridagi archazorlar karantin ko‘rigidan o‘tkazildi. Asosiy e’tibor, “Archa unsimon” qurti kabi begona o‘tlar tarqalishining oldini olishga qaratilmoqda.
–Hozirda poytaxtimizda 35 ming gektardan ko‘proq maydonning, 7 ming gektari yashil maydonlardan iborat, – deydi Toshkent shahar o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi inspektori Nodira Mamajonova.– Ularda 220 turdagi daraxt va 30 xildagi buta mavjud. Biz mavsum davomida turli zararkunandalardan asrash, quriganlarini yo‘q qilish, yangi ekzotik o‘simlik turlarini ko‘paytirish ishlarini olib boryapmiz. “Dolzarb 15 kunlik” doirasida hududlardagi manzarali daraxtlar, gullar va boshqa o‘simliklar belgilangan tartibda zararsizlantirilib, dalolatnomalar rasmiylashtirilmoqda. Bu kabi tadbirlar mahallalarda ham davom ettirilib, aholi yashash joylaridagi mevali daraxtlar ham ko‘rikdan o‘tkazilib, unda aniqlangan zararli organizmlarga qarshi kurash choralari ko‘rildi va zararsizlantirish ishlari davom etmoqda.
Qayd etish kerakki, hududlardagi yo‘lbo‘ylari, o‘rmon xo‘jaliklari va boshqa yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan igna bargli, manzarali daraxt va butalarga katta zarar yetkazayotgan “Archa unsimon” qurtiga qarshi uyg‘unlashgan tadbirlar olib borish samarali kurash turi hisoblanadi. Bu borada hamma birgalikda, bahamjihat kurash olib borsa, samaradorlik yanada ko‘proq bo‘lishi shubhasiz.
Aslida ham mamlakatimizda o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini yangi bosqichga ko‘tarish, sohaga ilm-fan yangiliklari, xalqaro amaliyot va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmi va geografiyasini yanada kengaytirish choralari ko‘rilmoqda.
O‘zA