Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dolzarb 100 kunlik”: neft-gaz sohasida transformatsiya va samaradorlikning yangi bosqichi boshlandi
15:49 / 2026-02-26

Neft va gaz tarmog‘i davlatimiz iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega. Ushbu sohada samarali boshqaruv, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash muhim vazifalardan sanaladi.

“Dolzarb 100 kunlik” dasturi shunday vazifalarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugun tashkil etilgan brifingda mazkur tashkilot  axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov ushbu dasturning 50 kunligida erishilgan natijalar hamda sohada olib borilayotgan islohotlar va innovatsion ishlar haqida ma’lumot berdi:

– Dastur doirasida tashkilotni moliyaviy sog‘lomlashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish asnosida samaradorlikka erishish, mablag‘larni birinchi navbatda geologiya qidiruv ishlari, texnik tadbirlar, qazib chiqarish hamda qayta ishlashga yo‘naltirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Sarf-xarajatlarni qisqartirish natijasida dastlabki ikki oyda qo‘shimcha 1,1 trillion so‘m samaraga erishildi.

O‘tgan qisqa davr mobaynida neft va gaz qazib chiqarish, uglevodorodlar zaxirasini oshirishda ustuvor hisoblangan geologiya qidiruv, 3D seysmika natijalari asosida yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash hamda izlov-qidiruv quduqlarini burg‘ilash ishlari amalga oshirildi.

Respublikadagi kon va maydonlarning chuqur geologik tuzilishini o‘rganish hamda izlov burg‘ilashga yangi strukturalar aniqlash maqsadida jami 6500 kv.km hajmda 3D seysmik qidiruv ishlari o‘tkazilishi belgilandi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p.

Bu yil “O‘zbekneftgaz” tarixidagi eng katta hajmda burg‘ilash ishlari amalga oshiriladi. Jamiyat 103 ta quduq, shu jumladan, 58 ta izlov-qidiruv qudug‘i va 45 ta ishlatish qudug‘ini burg‘ilashni reja qilgan.

Geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish maqsadida 20 ta investitsiya blogi uchun ruxsatnomalar olindi. Shuningdek, geologiya-qidiruv asbob-uskuna parkini modernizatsiya qilish va zamonaviy uskunalarni jalb qilish maqsadida 12 ta burg‘ilash dastgohi, 2 ta 3D seysmik majmua va 100 dan ortiq karotaj asbobi xarid qilish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan muzokaralar olib borildi.

Jamiyatda tovar-moddiy resurslar narxlarini maqbullashtirish, yuqori foizli kreditlar bo‘yicha stavkalarni pasaytirish, qo‘riqlash tizimini raqamlashtirish orqali xarajatlarni kamaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Debitor qarzdorliklarni undirish, ishlab chiqaruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar natijasida tovar va xizmatlar narxlari pasaytirilib, 766 mlrd. so‘m iqtisod qilindi. Bu ko‘rsatkich yil yakuniga qadar 2,5 trillion so‘mga yetishi kutilmoqda.

Sohaga oid bo‘lmagan aktivlarni tasarrufdan chiqarish natijasida saqlash xarajatlari dastlabki ikki oyda 3 milliard so‘mga qisqartirildi, yil oxiriga qadar qo‘shimcha 33 milliard so‘m iqtisod qilish rejalashtirilgan. Qurilish va burg‘ilash loyihalari qiymatini optimallashtirish hisobiga esa yil boshidan 154 milliard so‘m tejaldi va yil yakunida mazkur ko‘rsatkich 1,7 trillion so‘mga yetishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy apparatda xodimlar funksiyalarini qayta taqsimlash, takrorlanuvchi vazifalarni birlashtirish asosida xodimlar soni 875 nafardan 610 nafarga optimallashtirildi. Qo‘riqlash xizmatini raqamlashtirish va laboratoriyalarning yangicha tizimda ishlashi natijasida 700 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi belgilandi.

Jamiyatda inson kapitaliga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Xodimlarning oylik maoshlarini oshirish, issiq ovqat va mavsumiy oyoq kiyim bilan ta’minlash, eski avtobuslar o‘rniga zamonaviy avtobuslar sotib olish, yotoqxona, oshxona va konferens zali qurilishi uchun mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, kon va ob’ektlardagi ishchilar shaharchasidagi yotoqxona, hojatxona, yuvinish va oshxonalar bosqichma-bosqich kapital ta’mirlanadi va zarur jihozlar xarid qilinadi.

Dasturning yana bir asosiy maqsadi shuki, tabiiy gaz va neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish.

Joriy yilning o‘tgan davrida tozalangan tabiiy gaz 2,276 milliard metr kub (rejaga nisbatan 109,4%), gaz kondensati 78,2 ming tonna (rejaga nisbatan 109,1%), suyultirilgan gaz 85,7 ming tonna (rejaga nisbatan 108,2%), oltingo‘gurt 28 ming tonna (rejaga nisbatan 124%), polistilen mahsuloti 21 ming tonna (rejaga nisbatan 104,2%) ishlab chiqarildi.

Shuningdek, aholi va xususiy tadbirkorlarga 88,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

E’tiborlisi, “Uzbekistan GTL” MCHJ tomonidan sintetik neft mahsulotlarini barqaror ishlab chiqarish ta’minlanmoqda. Belgilangan chora-tadbirlar natijasida zavodda o‘tgan yilga nisbatan 33 ming tonna ko‘p sintetik neft mahsuloti ishlab chiqarildi va o‘sish sur’ati 318 foizni tashkil etdi.

Qayd etish joizki, 50 kunlik natijalar tizimda belgilangan qisqa muddatdagi taktik choralar emas, balki tarmoqni tubdan yangi bosqichga olib chiqish va transformatsiya qilishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega islohotlar natijasidir.

N.Ziyodullayeva, O‘zA