Neft-gaz sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligi, avvalo, qabul qilingan qarorlar va belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida hamda to‘liq ijro etilishiga bevosita bog‘liq. Strategik ahamiyatga ega ushbu tarmoqda ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash, resurslardan oqilona foydalanish va boshqaruv tizimini takomillashtirish ijro intizomini mustahkamlashni taqozo etmoqda.
Shu bois, sohada olib borilayotgan har bir islohotning amaldagi natijasi rahbarlar va mas’ul xodimlarning mas’uliyati hamda ijroga bo‘lgan yondashuvi bilan belgilanadi.
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov ishtirokida o‘tkazilgan navbatdagi yig‘ilishda jamiyat faoliyatidagi shu kabi ustuvor yo‘nalishlar, berilgan topshiriqlar ijrosi hamda ijro intizomini ta’minlash masalalari atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilish davomida “dolzarb 100 kunlik” doirasida shu kunga qadar amalga oshirilgan ishlar va mavjud kamchiliklar atroflicha tahlil etildi.
Qayd etilganidek, mazkur davr mobaynida jamiyatda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish, gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirish, neft-gaz mahsulotlari ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini ta’minlash, moliyaviy sog‘lomlashtirish, kredit yukini kamaytirish hamda raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar boshlandi.
Shu bilan birga, topshiriqlar ijrosi joylarda o‘z aksini berayotgani qayd etilib, vazifalarning ayrim bandlarini bajarishda yuzaga kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq yechimlar o‘rtaga tashlandi. Xususan, gaz qazib chiqarishni oshirish, quduqlarni burg‘ilash va kapital ta’mirlash ishlarini jadallashtirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni samarali tashkil etish, burg‘ilash uchun zarur moddiy-texnika resurslar ta’minotini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilish yakunida boshqaruv raisi ijro intizomini ta’minlash barcha rahbarlar uchun ustuvor vazifa ekanini alohida ta’kidlab, barcha topshiriqlar ijrosini kunlik nazoratga olish hamda natijalar yuzasidan oy yakunida hisobot taqdim etish vazifasini belgilab berdi. Ijro intizomini buzgan mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi belgilandi.
“Dolzarb 100 kunlik” natijalari ko‘rsatdiki, neft-gaz sohasidagi islohotlar faqat ijro intizomi va mas’uliyatli yondashuv natijasida samara beradi. Barqaror ishlab chiqarishni ta’minlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va vazifalarni qat’iy nazorat qilish sohadagi har bir rahbar va xodim uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA