Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanida “Gender tenglik – farovonlik garovi” shiori ostida tashkil etilgan ko‘rik-tanlov jamiyatda tenglik, o‘zaro hurmat va ijtimoiy adolat g‘oyalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha komissiyasi hamda bir qator mutasaddi tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi. Unda tumandagi 12 ta davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari, banklar va mahalla faollaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Tanlov shartlariga muvofiq, jamoalar “gender tenglik”, “oilada o‘zaro hurmat”, “zo‘ravonlikka qarshi kurash”, “ijtimoiy barobarlik” va “mehr-oqibat” kabi mavzularda bilim va dunyoqarashlarini namoyon etishdi. Ular tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar, ijodiy yondashuv hamda amaliy yechimlar hakamlar hay’ati tomonidan alohida baholandi.

Har bir jamoa o‘z chiqishida teng huquqlilikka asoslangan jamiyat qurish, ayollar va erkaklar o‘rtasidagi imkoniyatlar tengligini ta’minlash hamda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Xalq deputatlari Mirzaobod tuman Kengashi kotibiyati jamoasi 2-, tuman Xalq banki filiali jamoasi esa 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Shu bilan birga, bir qator ijodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
“Eng bilimdon jamoa” deb e’tirof etilgan ishtirokchilar mustahkam nazariy bilim va dolzarb g‘oyalarni ishonch bilan taqdim etishdi. “Eng kreativ jamoa” esa o‘zining yangicha yondashuvi va sahnadagi ta’sirchan chiqishi bilan hakamlar va tomoshabinlar e’tiborini qozondi. “Eng ta’sirli g‘oya” nominatsiyasi g‘olibi esa jamiyatda tenglikni ta’minlashga qaratilgan aniq amaliy takliflari va ijtimoiy mas’uliyati bilan alohida ajralib turdi.

Barcha g‘olib va faol ishtirokchilarga diplomlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri