Huquqiy munosabat
“Sotilgan tovar qaytarib olinmaydi”. Supermarketlar yoki kiyim-kechak va poyabzal do‘konlarida aynan shunday ogohlantiruvchi yozuvlarni uchratish mumkin. Bu qonuniymi? Bunday vaziyatda iste’molchi qayerga murojaat qilishi kerak? Sotuvchi qancha muddatda pulni qaytarishi lozim?
Bu savollarga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev javob berdi.
– Iste’molchilar shuni yodda tutishlari kerakki, nafaqat zarur sifatga ega bo‘lmagan tovarlar, balki sifatli tovarlar ham qaytarilishi va almashtirilishi mumkin. Ayrim holatlarda va ma’lum majburiy shartlarga amal qilinganda, iste’molchi sifatli mahsulotni ham qaytarib berishi yoki almashtirishi mumkin. Tabiiyki, sotuvchilarning aksariyati xaridorlarning bunday huquqlarini amalga oshirishga monelik qiladilar.
Xususan, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, iste’molchi maqbul sifatli nooziq-ovqat tovarini xarid qilgan kunidan e’tiboran 10 kun ichida ushbu tovar sotib olingan joydagi sotuvchidan uni ayni shunday tovarga almashtirib olishga, bunday tovar sotuvda bo‘lmasa, pulini qaytarib olishga haqli.
Agar tovardan foydalanilmagan, u shikastlanmagan, qadog‘i bilan qaytarilgan bo‘lsa, uning iste’mol xususiyatlari saqlangan va ushbu sotuvchidan sotib olganligini tasdiqlovchi asoslar bo‘lsa, iste’molchining tovarni almashtirish yoxud qaytarib olish haqidagi talabi qanoatlantirilishi lozim.
Agar taraflarning kelishuvida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, iste’molchi tomonidan to‘langan pul summasini unga qaytarish tovar uchun haq to‘lash qanday shaklda amalga oshirilgan bo‘lsa, xuddi shunday shaklda amalga oshiriladi.
Tovarni qaytarib olishni yoki almashtirishni rad etsa, iste’molchi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga murojaat qilishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA