Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dok - 1 maks ishi”: Vafot etgan bolalar eksgumatsiya qilinadimi?(+video)
15:47 / 2023-11-02

“Bolamning suyagi qoldiku, nimasini tekshirasiz?”...

“Dok - 1 maks” va boshqa dori vositalarini qabul qilish oqibatida vafot etgan bolalar bilan bogʻliq sud jarayoni davom etmoqda. 

Toshkent shahar sudi sudyasi Muso Yusupov raislik qilayotgan navbatdagi sud majlisida vafot etganlarni eksgumatsiya qilish zarurati borligi qayd etildi. 

Advokatlardan biri kiritgan bu taklifni boshqa advokatlar asosan qoʻllab-quvvatladi. Biroq, sud majlisida ishtirok etgan jabrlanuvchilar bunga rozi boʻlmasligini bildirdi. Ulardan biri “Bolamning suyagi qoldiku, nimasini tekshirasiz?”, dedi. Prokuror ham jabrlanuvchilar fikri inobatga olinishi kerakligini taʼkidladi. 

Sudya M.Yusupov vafot etgan bolalarni eksgumatsiya qilish, yaʼni murdasini tekshirish jabrlanuvchilar uchun juda ogʻir holat ekanini qayd etdi. Lekin kiritilgan taklif sudda koʻrib chiqilishi kerak. Shu maqsadda jabrlanuvchilarning bu masaladagi fikrlari eshitildi. Endi vafot etgan bolalar boʻyicha oldin oʻtkazilgan tadqiqotlar, hujjatlar boʻyicha ekspertiza oʻtkazgan xodimlar keyingi sud majlislarida soʻroq qilinadi. Shundan keyingina bir toʻxtamga kelinadi. 

Sud majlisida jabrlanuvchilardan bir necha nafari sudya, prokuror va advokatlarning savollariga javob berdi. 

Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanida yashovchi ayol 2020-yil oktyabr oyida tugʻilgan qizi shamollab, yoʻtalib qolganida “Dok – 1 maks” siropini ichirganini, lekin qizaloqning isitmasi tushmaganini, shundan keyin shifoxonaga olib borganini maʼlum qildi. Bir necha kun davomida goʻdakdan peshob ajralmaganini bilgan ona bu haqda shifokorlarga maʼlum qilgan. Shunga qaramay, bolaga osma ukollar qilingan. Bolaning ahvoli ogʻirlashayotganini bilgan ona uni viloyat shifoxonasiga olib borgan. Onaning fikricha, shifokorlar bolani bilib-bilmay muolaja qilgan. Oqibatda qizaloq vafot etgan. 

– 2009-yil mart oyida tugʻilgan oʻgʻlim 2020-yil dekabr oyida shamollab mazasi boʻlmaganida “Ambronol” siropini ichirganmiz, – dedi surxondaryolik ota. – Yaxshi boʻlavermagach Qumqoʻrgʻon tumani markaziy shifoxonasiga olib bordik. Bu yerda kasallik tarixi almashtirib yuborilgani oqibatida bizni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga oʻtkazishdi. Buni bilib qolganimizdan keyin oʻgʻlimni Termiz shahriga, viloyat kasalxonasiga olib bordim. Uning siymayotgani maʼlum boʻlgach, shifokorlar kerakli muolajani qilishi uchun zarur anjomlar yoʻq ekani aytildi. Noiloj qolib oʻgʻlimni olib, poytaxtga yoʻlga chiqdim. Yetib kelishimiz bilan 16-shifoxonaga olib bordik. Bu yerda bir kun davomida kuzatib, oʻtkir buyrak yetishmovchiligi roʻy berganini aniqlashdi. Kerakli muolajalarni qilishdi. Lekin oʻgʻlimning ahvoli ogʻirlashgan edi. Bu yerda bir oycha reanimatsiyada yotdi. Yanvar oyida esa Bolalar milliy tibbiyot markaziga bizni oʻtkazishdi. Qancha muolaja qilinmasin, oʻgʻlim oʻziga kelmadi. Shu tariqa 25-aprel kuni u vafot etdi. Bolamning bir kun chekkan azobini aybdorlar milliardlar bilan ham yuva olmaydi. Ularga eng ogʻir jazo berilishini soʻrayman. 

Jabrlanuvchilardan yana biri xorazmlik Feruz Nuriddinov esa boshidan oʻtkazganlarini soʻzlab berdi: 

– Oʻgʻlim (2018-yil oktyabr oyida tugʻilgan) shamollab qolganida dorixonadan “Dok-1 maks” siropini olib ichirganmiz. Chunki bu doridan avval ham foydalanganmiz. Taʼsiri yaxshi boʻlganiga ishonib, yana shundan olgandim. Siropni uch kun ichganidan keyin oʻgʻlimning ahvoli yomonlashdi. Tinmay qayt qildi. Oshqozonini yuvdirsak ham ahvoli yaxshilanmadi. Shifokorga olib bordim. Tekshiruv payti buyraklari ishlamayotgani maʼlum boʻldi. Shifokorlar bolani tezda poytaxtga olib borish kerakligini, oddiy shifoxonalarda uni asrab qolish mumkin emasligini aytishdi. Shu kuni aviachipta sotib olib, poytaxtga yetib keldik. Koʻrikdan oʻtkazganimizda, Bolalar milliy tibbiyot markaziga olib borishni tavsiya qilishdi. Shu yerdagi malakali shifokorlar tufayli oʻgʻlimning hayoti saqlab qolindi. Ammo bolamning asab tizimi qattiq shikastlangani uchun hali ham muolajalarni davom ettirmoqdamiz. Oʻzim harbiy xizmatchiman. Ahvolimni koʻrib, ishimni Toshkentga oʻtkazishdi, rahbarlarim, safdoshlarimiz moddiy-maʼnaviy yordami bilan oʻgʻlimning shifo topishi uchun kurashyapmiz. Bu orada qancha asabiylik, qancha mablagʻ sarf etilganini sanab berishim mushkul. Suddan adolatli qaror qabul qilishni so‘rayman. Shu bilan birga, bizga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararlar undirilishini talab qilaman.    

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/mPwtD9BOZkA" title="“Dok - 1 maks ishi”: Vafot etgan bolalar eksgumatsiya qilinadimi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Eslatib o‘tamiz, “Dok-1 maks” va shunga o‘xshagan dorilarni qabul qilish natijasida o‘tgan yili 65 nafar bola vafot etgan edi. Bolalar o‘limi bilan bog‘liq dori vositalari tarqalishida ishtirok etgan 21 nafar ayblanuvchi sud oldida javob bermoqda.  

Norgul Abduraimova, O‘zA