Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Dok-1 Maks ishi”: jinoyat ishiga bugun nuqta qo‘yilishi kutilmoqda
14:07 / 2024-02-26

Sudlanuvchilarga qanday jazolar beriladi?

“Dok-1 Maks ishi” bilan bog‘liq jinoyat oqibatida yurtimizda 86 nafar bola jabrlandi. Ulardan 68 nafari vafot etgan va 16 nafari og‘ir, 2 nafari yengil tan jarohati olgan.  

Bu Hindistonda ishlab chiqarilgan “Dok-1 Maks” siropi va boshqa dori vositalari iste’mol qilingani oqibatida ro‘y berdi. Chunki bunday dori vositalarining ayrimlarida inson salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi moddalar aniqlangan. Aynan shunday, ya’ni “zahri qotil”ga aylangan dori vositalari tegishli organlar tomonidan tekshirilmagan holda, soxta sertifikatlar bilan dorixonalarga chiqib ketgan.  

2022-yilning kuz oylarida yuz bergan mazkur noxush voqea ortidan Davlat xavfsizlik xizmati jinoyat ishi qo‘zg‘atib, tergov harakatlarini olib bordi.  

“Dok-1 Maks ishi” bo‘yicha sud jarayoni 2023-yil 11-avgust kuni boshlangan edi. Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi Muso Yusupov raislik qilgan ish bo‘yicha dastlab 21 nafar ayblanuvchi sud oldida javob bergan bo‘lsa, sud tergovi paytida ishga aloqador boshqa shaxslar ham aniqlandi. Keyinchalik esa sudlanuvchilar soni 23 nafarga yetdi.  

Oldingi sud majlislarida sudlanuvchilarga qanday jazo berilishi muhokama qilingan. 

Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim prokurori Saidakrom Akilov tomonidan e’lon qilingan ayblovda “Quramax Medikal” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari bo‘lib ishlagan hindistonlik S.R.P.ga uzil-kesil o‘tash uchun 20-yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni va tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashini belgilash so‘raldi.  

Sudlanuvchilardan 4 nafariga 18-yil,  bir nafariga 11-yil, bir nafariga 10-yil 1 oylik ozodlikdan mahrum qilish jazosi so‘ralgan.  

Qolgan sudlanuvchilarning ayrimlariga 8-yildan 3-yilgacha va boshqa jazolar so‘ralgan.  

Bugun bo‘lib o‘tishi kutilayotgan sud majlisida sudya oxirgi so‘zni aytadi, ya’ni jinoyat ishi bo‘yicha sud qarori o‘qib eshittiriladi.  

Kimlar qanday jazo oladi? Bu savolga sud yakunida javob topiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA