Navoiy viloyati Uchquduq shahridagi “Kelajak” yoshlar markazi nafaqat yoshlar, balki yoshi kattalarning ham tez-tez tashrif buyuradigan maskanlaridan.
Ushbu muhtasham muassasada bugungi kunda tuman axborot kutubxona markazi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, aholi bu yerda saqlanayotgan 12 mingga yaqin kitob fondidan bahramand bo‘lish imkoniga ega. Shu bilan birga, markazda ingliz, koreys va rus tillari, rassomchilik, sport to‘garaklari tashkil etilgan.
Markazning zamonaviy binosi 2009 yilda foydalanishga topshirilgan, - deydi kutubxona direktori Marhabo Ravshanova. – Bir vaqtlar bu yerga kunlik tashrif buyuruvchilarning soni 100 nafarga ham yetmagan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 200 dan ziyodni tashkil etmoqda. Bu esa hudud aholisining kitobxonlikka qiziqishi ortayotganidan darak.
[gallery-4189]
Darhaqiqat, 25 nafar mutaxassis ish olib borayotgan muassasa doimo gavjum. Til markazida xorijiy tillarni o‘rganayotgan yoshlarning intilishi kishiga zavq bersa, sport to‘garagi mashg‘ulotlaridagi shijoat insonni ruhlantiradi. Yosh rassomlarning asarlaridan bahramand bo‘lganingizda esa san’atning nafis olamiga mahliyo bo‘lasiz. Muxtasar aytganda, “Kelajak” yoshlar markazi – o‘z kelajagini mukammal etayotgan faollarning orzu va intilish dargohiga aylangan.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA