Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dohadagi zarba Isroilning xatosimi yoki strategiyasi?
20:38 / 2025-09-10

Keling, voqealarga umumiy nigoh tashlaymiz.

9 sentyabr kuni Isroil harbiylari Qatar poytaxtida joylashgan Hamas rahbariyatini nishonga oldi. AP xabariga ko‘ra, hujum aynan Doha AQSH vositachiligida olib borilayotgan garovdagilar almashinuvi va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokara markaziga aylangan paytda amalga oshirildi.

Zarba oqibatida olti kishi, jumladan bir nafar Qatar xavfsizlik xodimi halok bo‘lgan, yuqori darajali rahbarlar omon qolgan.

Arab mamlakati Tashqi ishlar vazirligi bu harakatni “xalqaro huquq ochiqdan-ochiq buzilishi” deb atadi va Isroilni “davlat terrorizmi”da aybladi.

BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham zarbani Qatar suverenitetiga qilingan “ochiq-oydin huquqbuzarlik” sifatida qoraladi.

“Reuters” yozishicha, Germaniya hukumati hodisani “qabul qilib bo‘lmas”, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer “mintaqaviy barqarorlikka zaharli zarba” sifatida ta’riflagan.

“Al Jazeera” axborotida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an fojiani “tinchlik sa’y-harakatini buzish” deya baholab, Qatar bilan birdamligini bildirgan.

“Washington Post” ma’lumotida AQSH Prezidenti amaliyotga nisbatan kamdan-kam uchraydigan tanqidiy fikrni aytgan. Ya’ni, u ijtimoiy tarmoq orqali bu qaror Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan mustaqil qabul qilingani va “na Amerika, na Isroil maqsadiga xizmat qilmasligi”ni yozdi. Tramp Qatarni “kuchli ittifoqchi va do‘st” sifatida e’tirof etib, bunday voqea takrorlanmasligiga ishonch bildirgan. Demak, Vashington – Tel-Aviv munosabatida yangi ohang paydo bo‘layotgandek.

Isroil tomoni qarorni shaxsan Netanyaxu qabul qilganini tasdiqladi. BBS tahliliga ko‘ra, Isroilning asosiy maqsadi Hamas rahbariyatini bevosita nishonga olib, kuch ishlatish orqali bosimni kuchaytirish. Bu yo‘l diplomatik muzokaraga ishonchsizlikni kuchaytirib, AQSH va Yevropa Ittifoqining vositachilik harakatiga putur yetkazishi mumkin.

Qatar so‘nggi yillarda mintaqadagi eng muhim vositachilardan biri bo‘lib kelmoqda. Afsuski, bu hujum Dohaning diplomatik rolini jiddiy savol ostiga qo‘ydi.

“The Guardian” qayd etishicha, arab davlatlarining keskin munosabati Isroilning mintaqaviy ixotalanishini yanada kuchaytiradi.

Papa Leo ham havo hujumini “juda jiddiy vaziyat” sifatida baholab, bu voqea Vatikanda ham xavotir uyg‘otganini aytdi.

Xulosa shuki, Dohaga berilgan zarba nafaqat harbiy harakat tarzida namoyon bo‘ldi, balki diplomatik muvozanatni ham izdan chiqardi.

Bu gal haqiqatan muzokara sabotaj qilindimi yoki Isroil navbatdagi bosim vositasini ishga soldimi – savolga aniq javob yo‘q. Faqat bir narsa ravshan: mintaqaviy barqarorlik yana larzaga keldi. Natijada tinchlik istiqboli battar noaniqlashmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA