Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dohada BMT uyi ochildi
15:22 / 2025-11-03

Avval xabar berilganidek, 3-4 noyabr kunlari Dohada Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammiti o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan Milliy anjumanlar markazida Qatar va Birlashgan Millatlar Tashkiloti bayroqlari ko‘tarildi.

QNA xabariga ko‘ra, marosimda yuqori martabali davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Qatar Tashqi ishlar vazirligi Bosh kotibi doktor Ahmad bin Hasan Al-Hammadiy Kopengagenda o‘tgan birinchi Jahon ijtimoiy sammitidan o‘ttiz yil o‘tgach tashkil etilayotgan ushbu nufuzli tadbirga mezbonlik qilish faxr ekanini ta’kidladi. 

Mulozimning fikricha, bu mamlakati inklyuziv va barqaror ijtimoiy rivojlanishni, barcha xalqlar ijtimoiy adolat va farovonlikka erishishiga qaratilgan ko‘p tomonlama harakatni qo‘llab-quvvatlashga nisbatan qat’iy majburiyatga sodiqligini aks ettiradi. Qolaversa, sammit ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha xalqaro muloqotni kengaytirish, 2030 yilgi Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishni tezlashtirish uchun muhim imkoniyatdir.

Dohada BMT uyi ochilishi esa Qatarning mazkur xalqaro tuzilma bilan yaqin sherikligidan dalolat.

Tadbir doirasida “Ta’lim hammadan ustun” jamg‘armasi tomonidan Ichki xavfsizlik kuchlari (Lekhwiya) va Qatar qo‘shma maxsus kuchlari havo sporti qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan parashyutlar ko‘rgazmali chiqishi namoyish etildi. Ijrochilar Doha ustidan Barqaror rivojlanish maqsadlari aks etgan bannerlarni ko‘tarib uchib o‘tdi.

Marosim orkestr ishtirokidagi bayramona musiqiy dastur bilan yakunlandi.

M.Pirmatova, O‘zA