FIFA tomonidan tashkil etilgan “The Best” mukofotini topshirish marosimi Qatar poytaxti Doha shahrida bo‘lib o‘tdi. Marosimda 2025 yilning eng yaxshi futbolchisi nomi e’lon qilindi.
Ushbu nufuzli mukofotga Fransiya terma jamoasi hamda «PSJ» klubi futbolchisi Usmon Dembele munosib topildi. Dembele bundan avval France Football nashri tomonidan taqdim etiladigan «Oltin to‘p» mukofotini ham qo‘lga kiritgan edi
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan mavsumda «PSJ» klubi Fransiya chempionati, mamlakat kubogi va Superkubogi, shuningdek, Yevropa Chempionlar ligasi hamda UEFA Superkubogida g‘alaba qozondi. Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida esa ikkinchi o‘rinni egalladi. Dembele klub safida o‘tkazgan 53 ta o‘yinda 35 ta gol urdi va 14 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Yilning eng yaxshi futbolchisi unvoni uchun kurashda Usmon Dembele Ashraf Hakimi, Harri Keyn, Kilian Mbappe, Nunu Mendesh, Koul Palmer, Pedri, Rafinya, Muhammad Saloh, Vitinya hamda Lamin Yamal kabi taniqli futbolchilarni ortda qoldirdi.
«Yilning eng yaxshi murabbiyi» nominatsiyasida «PSJ» klubi bosh murabbiyi, ispaniyalik mutaxassis Luis Enrike g‘olib deb e’lon qilindi.
Shuningdek, FIFA talqiniga ko‘ra, yilning eng yaxshi darvozaboni sifatida Italiya terma jamoasi hamda «PSJ»/«Manchester Siti» klubi vakili Janluiji Donnaruma e’tirof etildi.
Darvoqe, tarixda ilk bor Chempionlar ligasida g‘alaba qozongan «PSJ»ning 5 nafar futbolchisi 2025 yil yakunlariga ko‘ra FIFA ramziy terma jamoasiga kiritildi.
“The Best” marosimida yil jamoasi tarkibiga quyidagi futbolchilar kiritildi:
Janluiji Donnaruma («PSJ»/«Manchester Siti»), Ashraf Hakimi, Villian Pacho (ikkalasi — «PSJ»), Virjil van Deyk («Liverpul»), Nunu Mendesh («PSJ»), Koul Palmer («Chelsi»), Jud Bellingem («Real»), Vitinya («PSJ»), Pedri, Lamin Yamal (ikkalasi — «Barselona»), Usmon Dembele («PSJ»).
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA