Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Doha dizayn biyennalesi doirasida media vakillari uchun Qatar muzeylariga press-tur tashkil etildi
14:08 / 2024-02-23

Joriy yil ilk bor Doha dizayn biyennalesi o‘tkaziladi. Qatar Muzeylar idorasi rahbariyati tashabbusi bilan ta’sis etilgan xalqaro anjuman ko‘rgazma va turli dasturlarni qamrab olib, mahalliy, mintaqaviy va jahon ilg‘or tajribasini almashish maydoniga aylanishi kutilyapti.

Jumladan, 24 fevral kuni O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Crafting Uzbekistan: Tradition in Threads” – “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi an’ana” ko‘rgazmasini taqdim etadi.

Mazkur nufuzli tadbir doirasida dunyoning turli davlatlaridan kelgan yuzga yaqin ommaviy axborot vositasi vakili uchun Qatar milliy muzeyiga press-tur tashkil etildi. Mamlakatning boy tarixi va madaniy merosini namoyish etadigan anjumanda jamg‘arma tashabbusi bilan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, “O‘zbekiston-24” telekanali va “gazeta.uz” sayti vakillari ham ishtirok etdi.

Dastlab Qatar muzeylari bosh direktori Muhammad Sa’d Al Rumayhiy mamlakatdagi muzeylar haqida umumiy ma’lumot berdi. Poytaxtdagi milliy muzey direktori Shayx Abdulaziz Al-Taniy media vakillarini ob’ekt bilan tanishtirdi.

Qayd etish kerak, 40 000 kvadrat metrdan ko‘proq maydonni egallagan, noodatiy me’moriy dizaynga ega mazkur majmuada 8 000 dan ziyod tarixiy hujjat, qo‘lyozma, uy-ro‘zg‘or buyumi, to‘qimachilik va libos, zargarlik buyumi, fotosurat va arxeologik artefakt saqlanadi.

Bebaho kolleksiya jamlangan, Qatar tarixi, madaniyati va hayotini to‘liq o‘rganish imkonini beradigan muzeyda cho‘l va ko‘chmanchi qabilalar madaniyati, islom dini qabul qilinishi, Qatar davlati tashkil etilishi, neft konlari ochilishidana zamonaviylikkacha bo‘lgan davrni namoyish etadi. Ko‘rgazma uch asosiy bo‘lim – “Boshlanish”, “Qatardagi hayot” va “Millat qurilishi”dan iborat.

Jurnalistlar bu yerdagi galereyani ham tomosha qildi. Inter faol video, yorug‘lik, tovush, hid va eng zamonaviy vizual materiallar bilan to‘ldirilgan o‘n bir galereya tomoshabinlarni o‘tmish bo‘ylab qiziqarli sayohatga chorlaydi.

– 2019 yil mart oyida ochilgan Qatar milliy muzeyi artefakt, og‘zaki tarix, musiqa, filmlar, turli san’at asarlari orqali mamlakat madaniyati va merosini tarannum etadi, – deydi Shayx Abdulaziz Al-Taniy. – “Pritsker me’morchilik mukofoti” sovrindori Jan Nuvel loyihalashtirgan bu bino marhum Shayx Abdulloh bin Jasim Ol Soniyning qayta tiklangan tarixiy saroyini o‘rab turgan turli diametrli va egri chiziqli, bir-biriga bog‘langan katta aylanalardan iborat.

Dasturga muvofiq, Fors ko‘rfazi mamlakatlarida birinchi marta tashkil etilgan Doha markazidagi Islom san’ati muzeyiga ham bordik. An’anaviy mahalliy me’morchilik uslubida qurilgan, shu bilan birga zamonaviy ko‘rinishga ega uch qavatli bino ichida ko‘rgazma zali, kutubxona va ilmiy-tadqiqot instituti mavjud. Jurnalistlarga to‘plam ob’ekti dunyodagi eng keng qamrovli ilmiy tadqiqot muzeylaridan biri sifatida san’at asarlari – kulolchilik, to‘qimachilik, shisha va qo‘lyozmalarni jamlagani xususida qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.

– Ko‘rgazma saroyi dunyoga islom dinining dunyo sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasini ochib beradi, musulmonlarga ilmiy-badiiy shuhrat cho‘qqisiga chiqish imkonini bergan mehnat va matonatni qadrlashga undaydi, – jumlalari muzey shioriga aylangan...

Umumiy maydoni 45 000 kvadrat metrga teng tarixiy ob’ekt atrofini maydoni 290 000 kvadrat metrli yarim oy shaklidagi park o‘rab turadi. Muzey qurilishi to‘rt yil davom etgan: 2004 yil noyabrdan 2008 yil noyabrgacha. 2021 yil oxirida muzey restavratsiya uchun yopilgan. Binolar ta’mirlangach, ko‘rgazma qayta tiklanib, 2022 yil 5 oktyabrdan yana ochiq.

Islom san’atining jahon darajasidagi namunalarini namoyish qilayotgan muzey hududlar kesimida ham ko‘rgazmalar taqdim etadi. Majmua Britaniya muzeyi, Nyu-Yorkdagi Metropolitan san’at muzeyi, Luvr, Marokash Qirollik kolleksiyasi, Misr Islom san’ati muzeyi va Fransiyadagi Kartiyer kolleksiyasi bilan hamkorlikda ishlaydi.

Darvoqe, bu muzey islom madaniyati va dini olimlari uchun mavjud nufuzli islom kitoblaridan iborat ko‘plab manbalar va asl nusxalar to‘plangan ajoyib kutubxonaga ega ilmiy markaz sifatida e’tirof etiladi.

Kunning ikkinchi yarmida poytaxtdagi ta’lim markazida joylashgan, yoshlar o‘z ustida ishlab, kelajagini qurayotgan muqaddas zamin – Qatar milliy kutubxonasida bo‘ldik.

Tasavvur qiling: kutubxona bir milliondan ziyod kitob, noyob qo‘lyozma va arxiv hujjatlar saqlanadigan “meros to‘plami”ga aylangan. Bu yerda o‘zingiz xohlagan kitobni mutlaqo bepulga vaqtincha olishingiz mumkin.

Binoning tashqi ko‘rinishi, ya’ni dizayni ko‘pchilik jurnalistlar e’tiborini tortdi. Boisi, niderlandiyalik mashhur me’mor Rem Kulxas tomonidan ishlab chiqilgan g‘ayrioddiy shakldagi inshoot ikki varaq qog‘oz va olmos bilan o‘ralgan qutiga o‘xshaydi.

Kutubxonaning ichki qismi ham o‘zgacha ko‘rinishga ega. Pol sathi ko‘tarilib, eng uzoqdagi javon ham markazdan ko‘rinadigan imkon yaratilgan. Markazda, 6 metr chuqurlikdagi sariq travertin qoplamali meros kolleksiyasi konseptual jihatdan qadimiy qazishma joyini eslatadi. Ko‘plab kompyuterlar raqamli fonddan ma’lumot olish uchun xizmat qiladi.

Ilm ulashuvchi ushbu maskan 2018 yil 16 aprelda ochilgan. Manfaatdor jamg‘armalar va akademik onlayn resurslardan tashqari, kutubxonada arab-islom sivilizatsiyasiga oid nodir asarlar, qo‘lyozma va boshqa materiallarni ham ko‘rish mumkin.

Press-tur davomida media vakillari “Qatar – Indoneziya, 2023. Madaniyat yili”ni nishonlash maqsadida namoyish etilayotgan eksponatlar bilan yaqindan tanishdilar. Indoneziya ko‘rgazmasi chiroyli bezatilgan arab tilidagi Qur’on qo‘lyozmasi sahifalari orqali mamlakatning boy islomiy merosini aks etirgan.

Yakuniy manzil – Doha markazidan 60 kilometr masofada joylashgan Zekrit sahrosidagi to‘rt installyatsiya. 2014 yil amerikalik rassom Richard Serra tomonidan taqdim etilgan dizayn ustunlari butun dunyoga “Sharq-G‘arb, G‘arb-Sharq” nomi bilan mashxur, bu joy sayyohlarning madaniy ob’ektiga aylangan.

Shu tariqa, press-turning bir qismi yakuniga yetdi. Ertaga, 24 fevral kuni biyennalening rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. O‘zAni kuzatib boring.

Behruz Xudoyberdiyev,

Yoqubjon Meliboyev (foto),

O‘zA

Doha, Qatar