Dog‘iston respublikasidagi Darbent - Ozarbayjon Davlat drama teatrining 121 - mavsumi taniqli o‘zbek dramaturgi Qo‘chqor Norqobilning “O‘z soyangdan qo‘rq” nomli komediyasi bilan ochildi. Davlat buyurtmasiga binoan ozar tilida qo‘yilgan ushbu asar ko‘p millatli tog‘li o‘lka sahnasida ruscha sinxron tarjima orqali ham namoyish etildi.
Komediyani iste’dodli o‘zbek rejissyori Farhod Boynazarov sahnalashtirdi.

Tomoshabinlar tomonidan iliq kutib olingan mavsumning ushbu ilk spektaklida davrimizga xos dolzarb mavzu va og‘riqli muammo achchiq kulgi ostida mahorat bilan ifodalangan. Internet olamiga mutloq tobe bo‘lib, qo‘ltelefonga bog‘lanib qolgan qavmning bir - biridan tobora uzoqlashib borayotgani, insoniy mehr - muhabbat, oqibat tushunchalariga darz ketayotgani, milliy qadriyatlar toptalayotgani, ma’naviy tushunchalarning yemirila boshlagani, kitobxonlik va mutolaaga qiziqish so‘nib borayotgani hayotiy haqiqatlar orqali sahnada o‘z aksini topgan. Asarning muvaffaqiyat qozonishida Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, rejissyor D.Xandadasheva, Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan rassom D.Isakov, Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, bastakor D.Beybalayeva, tarjimon A.Najafov kabi soha vakillarining ham mehnati alohida ekanligini ta’kidlash joiz.

– Mavsum ochilishida namoyish etilgan ushbu asar ko‘p millatli dog‘istonliklar olqishiga sazavor bo‘ldi. Eng muhimi, o‘zbekistonlik ijodkor do‘stlarimiz bilan ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Albatta, bu an’ana keyinchalik ham davom etadi, – deydi Dog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, teatr bosh direktori F. Askerov.

Komediyada Dog‘iston respublikasida xizmat ko‘rsatgan artistlar — Magerram Omarov, Yoqut Xandadasheva, Rohila Omarova, Shukufa Melikova, Mohir Melikov hamda qator mahoratli aktyorlar o‘z rollarini maromiga yetkazib ijro etishgan.
– Sahnadagi voqealar garchand kulgu ostida ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, tomoshabinlarlarni jiddiy o‘y va xulosaga undagani shubhasiz. Chunki, spektaklda aynan Dog‘iston xalqlarining hozirgi turmush tarziga ham taalluqli hayot manzaralari aks etgan, – deydi Ozarbayjon Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, teatr bosh rejissyori Sarvar Aliyev.
O‘zA