Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Doʻstona aloqalar manfaatlar koʻlamini yanada kengaytiradi
16:43 / 2018-11-16

Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida ikki mamlakatning sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda.


Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida ikki mamlakatning sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. 

photo5436376282960079217.jpg

Koʻrgazma ishtirokchilaridan biri “Ana jer” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi zavodining bosh direktori Jamoliddin Mahmudovni suhbatga chorladik.

– Jamoliddin ogʻa, bu koʻrgazmada qatnashish ishtiyoqi qanday paydo boʻldi?

– Azaldan qozoq-oʻzbek millati qon-qardosh boʻlib, tinch-totuv yashab kelgan. Toʻgʻri, maʼlum muddat chegaralardan oʻtib-qaytishda ayrim muammolar boʻldi. Lekin qardoshligimizga putur yetmadi. Oʻtgan yillar davomida Qozogʻistonda ishlab chiqarishga boʻlgan talab oshishi barobarida, tadbirkorlar uchun koʻplab imtiyozlar paketi taqdim qilindi. Bizning korxonamiz bundan oqilona foydalangan holda ilmiy tadqiqotlarga asoslangan ishlab chiqarish majmualari faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Natija yaxshi boʻldi. Jahonning nufuzli mamlakatlari talabidan kelib chiqib, eksportni yoʻlga qoʻydik. “Ana jer” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasida menejment yoʻnalishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Mutaxassislarimiz ancha avvalroq mahsulotlarimiz uchun Oʻzbekistonda yangi bozor mavjudligini taʼkidlashgach, biz Namangan viloyati hokimligi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydik. Koʻrgazma davomida oʻzbekistonlik ishbilarmonlar bilan yangi kelishuvlarga erishish niyatidamiz.

– Oʻzbekistonda ochiq tadbirkorlik muhiti yaratilgan. Ayniqsa, oʻzaro hamkorlikda investitsiya jalb etib, ish boshlayotganlarga har qachongidanda shaffof va manfaatli vaziyat yuzaga kelgan. Bu haqda siz qanday fikrdasiz?

– Biz bundan manfaatdormiz, albatta. Bundan ikki yil avval hamkorlarni izlab Oʻzbekistonga yoʻl olayotganimizda behuda ovora boʻlmang, deb yoʻldan qaytarishga uringanlar ham boʻldi. Lekin biz jamoa bilan kelishib, qoʻshni davlatda yangilanishlarni oʻz hayotimizda his etish uchun, birozgina hadik bilan boʻlsada, yoʻlga otlandik. Oʻzbekistonda bizni juda iliq kutib olishdi. Mahsulotlarimiz sifati hamkorlarga yoqqani bois, savdo-sotiq ishlarimiz avj oldi. Bizning bunday yutugʻimizga guvoh boʻlgan qozogʻistonlik tadbirkorlar vaziyatni bilish uchun maslahat soʻrab kelishgani ham bor gap. Oʻshandan keyin qozogʻistonlik koʻplab investorlar choʻchimasdan Oʻzbekistondagi yetakchi sohalarga investitsiya kiritish uchun bel bogʻlashdi. Tadbirkor uchun nima kerak? Erkinlik va imtiyoz. Mamlakatingizda tadbirkorlar uchun imtiyozlar koʻpligidan baʼzida chalkashib ketadi kishi. Chunki soliq va xarajatlarga, deb ajratgan mablagʻlarimiz ortib qolganida, shunaqasi ham boʻladimi, e, qoyil-e, deb tasanno aytganman. Axir har bir tadbirkor bunday farovon muhitda unib-oʻsadi, topganiga baraka inadi, yigʻilgan mablagʻiga esa qoʻshimcha tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyishga kirishadi.

– Qozogʻiston – Oʻzbekiston I mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida mamlakatlarimizning sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmasidan qanday taassurot oldingiz?

– Ochigʻini aytsam, quvonchim ichimga sigʻmayapti. Negaki, koʻrgazma jarayonida “Ana jer” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Oʻzbekistonda filiallarini ochish boʻyicha takliflar tushdi. Ularni zudlik bilan oʻrganib chiqamiz. Bu kabi forum tadbirkorlar uchun nihoyatda muhimdir. Hamkor izlab sarson boʻlmaysiz, ular oʻzi kelib, maʼqul topsa, bitim tuzadi. Bundan faqatgina xursand boʻlish mumkin. Boshqa tadbirkorlarni ham bu yerga birov zoʻrlab yetaklab kelmagan. Barcha ishbilarmon-tadbirkorlarning oʻzi xohlab, katta umid bilan kelgan. Agar imkoni boʻlsa, iqtisodiy manfaatdorlikka xizmat qiladigan bu kabi tadbirlar har yili oʻtkazilsa, ayni muddao boʻladi. 

Shiddat bilan rivojlanayotgan olamga boʻylashuvning yagona chorasi – iqtisodiyotni yanada yuksaltirishdir. Buning uchun esa, albatta, tadbirkorlikka bel bogʻlaganlarni qoʻllab-quvvatlab, ularning xorijda sheriklar topishiga davlat miqyosida koʻmaklashmoq zarur. Oʻzbekiston bu borada juda oqilona yoʻl tutmoqda. Tadbirkorni eʼzozlagan elning bagʻri butun boʻladi.

– “Ana jer” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi hamkorlariga nimalarni taklif etmoqda?

– Namangan va Fargʻona viloyatlarida qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtirishda qoʻl keladigan mikrobiooʻgʻitlarni tavsiya etmoqdamiz. Joriy yilgi hamkorligimiz samarasida paxtadan gektariga 7-10 sentner, mosh, yeryongʻoq, loviya mahsulotlari hosildorligini esa gektariga 5-7 barobar oshirishga erishdik. Shuning uchun ham 2019 yilda Namangan viloyati hokimligining taklifi bilan Chust tumanida qoʻshma korxona ochish ishlarini boshlab yubordik. Korxonamiz filalini Isroilda qurish boʻyicha ham taklif olganmiz. Rossiyada esa “Ana jer” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi tamgʻasi ostida ishlab chiqarilgan mahsulotlarni olib kirish va tarqatish boʻyicha 10 yillik shartnomaga egamiz. Oʻylaymizki, ezgu niyatlar bilan amalga oshirayotgan bu ishlarimiz kelgusida oʻz samarasini beradi, degan umiddamiz.