Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Do‘stlikka asoslangan faol hamkorlik
17:37 / 2015-10-05

Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumining to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi anjuman «Koreya Respublikasi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash» mavzusiga bag‘ishlandi.

Seul, 5-oktabr. O‘zA maxsus muxbiri Iroda Umarova xabar qiladi.

Koreya Respublikasi poytaxti Seul shahrida «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumining to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu galgi anjuman «Koreya Respublikasi bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash» mavzusiga bag‘ishlandi. Unda Janubiy Koreya, O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari ishtirok etdi.

Forumda Koreya Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Cho Txe Yong, O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov va boshqalar Janubiy Koreya bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik keng ko‘lamli va mustahkam ekanini alohida ta’kidladi. Bunda «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi alohida ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston va Janubiy Koreya munosabatlari o‘zaro ishonch va hurmat, yaqin do‘stlik va strategik sheriklikka asoslangan. Ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar 2006-yilda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, 2014-yilda qabul qilingan Strategik sheriklikni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya asosida taraqqiy etmoqda.

Mamlakatlarimiz Prezidentlari o‘rtasidagi muntazam muloqotlar va xalqlarimizning mushtarak intilishlari samarasida bu munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning shu yil 27-29-may kunlari Koreya Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Tashrif doirasida imzolangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnikaviy hamkorlikka oid qator hujjatlar xalqlarimiz manfaatlariga xizmat qilayotir.

Mamlakatlarimiz hamkorlik ko‘lami savdo, sarmoya, eksport-import, yoqilg‘i-energetika, kimyo, transport va logistika, avtomobilsozlik, tog‘-kon sanoati, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalar, tibbiyot, turizm, fan-ta’lim va madaniyat kabi ko‘plab sohalarni qamrab olgan. Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan.

O‘zbekistonda Janubiy koreyalik sarmoyadorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan to‘rt yuzdan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muntazam o‘sib bormoqda. Ustyurt gaz-kimyo majmuasi, Qandim gazni qayta ishlash majmuasi, “Navoiy” intermodal logistika markazida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlamoqda. Fan, ta’lim, san’at, sport, turizm kabi yo‘nalishlardagi hamkorlik ham tobora rivojlanmoqda.

Koreyaning Tegu va Pusan chet tillari universitetlarida o‘zbek tili, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik va Samarqand davlat chet tillar institutlarida koreys tili o‘rgatilmoqda. Mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlari Koreya Respublikasining o‘ttizdan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilib kelayotir. Toshkent shahrida Inxa universiteti filialining tashkil etilishi ta’lim borasidagi hamkorlik ko‘lami va istiqbolining yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Mamlakatimiz Janubiy Koreya rahbariyati ilgari surgan “Evroosiyo tashabbusi”ni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu tashabbus qadimiy Buyuk ipak yo‘lini zamonaviy sharoitlarda qayta tiklashga qo‘shilgan muhim hissa sifatida e’tirof etilmoqda. Bunda Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

«Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi Janubiy Koreya bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi turli sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada kengaytirish maqsadida 2007-yilda ta’sis etilgan. Har yili muntazam o‘tkaziladigan forum majlislarida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalar holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilinadi.

Forumda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi yuksak sur’atlarda taraqqiy etayotgan hamkorlik samaralari haqida so‘z yuritildi. Bu aloqalarni yanada rivojlantirish uchun har ikki mamlakat ham ulkan salohiyatga ega ekani alohida qayd etildi.

– Sog‘liqni saqlash sohasi Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi hamkorligining muhim yo‘nalishlaridandir, – dedi Koreya tibbiyot sanoatini rivojlantirish instituti global sog‘liqni saqlash departamenti direktori Kim Su Ung. – Janubiy Koreyaning ko‘plab klinikalari O‘zbekiston shifoxonalari bilan yaqin hamkorlik qilmoqda. Mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Tashkilotimiz O‘zbekiston bilan faol va samarali hamkorlik qilib kelmoqda, birgalikda qator loyihalar ustida ish olib bormoqdamiz.

Janubiy Koreya bilan Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, nomoddiy madaniy resurslarni asrash va foydalanish, bojxona boshqaruvini axborotlashtirish va savdoni rivojlantirish kabi qator sohalardagi hamkorlik istiqbollariga oid ma’ruzalar tinglandi. Forum doirasida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olindi.