Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
DOʻSTLIK MUJDASI: Germaniyadan Oʻzbekistonga gumanitar yordam keldi
15:40 / 2020-07-28

Avval xabar berganimizdek, Germaniyadan mamlakatimizga insonparvarlik yordami yetib keldi.


Avval xabar berganimizdek, Germaniyadan mamlakatimizga insonparvarlik yordami yetib keldi.

Maʼlumki, Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti koʻmagida mamlakatimizning tibbiy va ijtimoiy muassasalarini koronavirusga qarshi kurashishda qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan, texnogen falokatdan aziyat chekkan Sirdaryo viloyati aholisiga yordam berishga qaratilgan insonparvarlik aksiyasi oʻtkazilgan edi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qoʻngan samolyot bortida mazkur aksiya doirasida toʻplangan tibbiyot jihozlari, nogironlar aravachalari, dori-darmonlar, turli tibbiyot asbob-uskunalari, materiallar va himoya vositalaridan iborat insonparvarlik yordami bor.

Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, Germaniyaning “Friedensdorf International” va Oʻzbekistonning “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi 2002-yildan buyon hamkorlik qiladi. Oʻtgan davr mobaynida, “Friedensdorf International” yordamida 300 dan ortiq oʻzbekistonlik bola Germaniyada bepul davolandi. Shu kunlarda ham 16 nafar jajji yurtdoshimiz Germaniyaning turli klinikalarida davolanmoqda. Bugungi insonparvarlik yordami tarkibida Germaniyada davolangan oʻzbekistonlik bolalar uchun maxsus dori-darmonlar ham bor.

Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-23-yanvar kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida “Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkiloti Oʻzbekiston bolalari salomatligini saqlashda faol ishtirok etgani uchun II darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofotlangan edi.

“Friedensdorf International” xalqaro xayriya tashkilotining gumanitar loyihalari koordinatori Klaudiya Peppmyuller oʻzbek xalqiga yoʻllagan video murojaatida koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq cheklovlar tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay insonparvarlik aksiyasi amalga oshirilganidan mamnunligini bildirgan.

– Hozirgi vaqtda koronavirusning tarqalishi tufayli butun dunyo murakkab ahvolda. Koʻplab mamlakatlar esa juda qiyin vaziyatga roʻbaroʻ keldi. Ushbu muammo Oʻzbekistonga ham taʼsir koʻrsatmoqda. Bundan tashqari, Sirdaryoda suv ombori toʻgʻonining oʻpirilishi bilan bogʻliq tabiiy ofat yuz berdi. Buning natijasida koʻplab odamlar uy-joysiz qoldi va pandemiya keltirib chiqargan ogʻir muammolarni yana-da kuchaytirdi. Biz oʻzbek xalqi bilan birdamlikni his qilmoqdamiz va shuning uchun yordamga muhtoj odamlarga insonparvarlik yordamini yuborishga qaror qildik. Bunday qiyin vaziyatda Oʻzbekiston elchixonasi va boshqa hamkorlarimiz bilan birgalikda insonparvarlik yukini yigʻib, Oʻzbekistonga yuborganimizdan faxrlanamiz, – dedi K.Peppmyuller.

Maʼlum qilinishicha, insonparvarlik yordamini “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda taqsimlaydi.