Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dmitriy MARTINENKO: “Mahalliy va xorijlik yo‘lovchilarga a’lo darajada xizmat ko‘rsatish – asosiy maqsadimiz”
18:38 / 2023-04-04

Samarqand xalqaro aeroporti o‘zining betakror ko‘rinishi va zamonaviy xizmatlari bilan  alohida ajralib turadi.

Ayniqsa, milliy va zamonaviy dizaynni o‘zida aks etgan ushbu aeroport terminalining yangi binosi olim Mirzo Ulug‘bekning fundamental asari "Ziji Jadidi Ko‘ragoniy"ni ifodalovchi “ochiq kitob" shaklida ekanligi va uning tomida yulduzlar turkumi tasvirlangani har qanday kishini hayratda qoldiradi.

2022 yilning mart oyida ushbu zamonaviy xalqaro aeroportning terminal binosi foydalanishga topshirilgan edi. Mana shu o‘tgan qisqa davr mobaynida bir qator yangi xalqaro aviayo‘nalishlar ochilib, yo‘lovchilarga namunali xizmat ko‘rsatildi.

O‘zA muxbirining “AIRMARAKANDA” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tijorat departamenti direktori Dmitriy Martinenko bilan suhbati o‘tgan yili amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va joriy yildagi rejalariga bag‘ishlandi. 

– Shuni quvonch bilan aytish kerakki, Samarqandning yangi xalqaro aeroporti terminal binosi zamonaviy bunyodkorlikning  betakror namunasi, desam to‘g‘ri bo‘ladi, –dedi D.Martinenko. – Loyiha qurilish ishlari pudratchi “Enter Engineering” kompaniyasi tomonidan Turkiyaning “Kiklop” loyiha-muhandislik kompaniyasida yaratilgan me’moriy uslublar asosida barpo etilgan.

Terminalning qurilish loyihasi qiymati 80 milliondan ortiq AQSH dollarini tashkil etdi. Yana bir ahamiyatli jihati, loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida bajarilgan. U “Uzbekistan Airports” AJ (davlat hamkori) va “AIR MARAKANDA” MCHJ (xususiy sherik) o‘rtasida imzolangan davlat-xususiy sheriklik kelishuvi natijasidir.

O‘ziga xos dizayn bilan qad ko‘targan ushbu binoning umumiy maydoni 42 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Majmua soatiga 1000 nafar (ya’ni bir vaqtning o‘zida 500 nafar uchib keluvchi va 500 nafar uchib ketuvchi), yiliga 2 million nafarga yaqin yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi va u “Ochiq osmon” rejimida ishlamokda.

Bu yerda 29 ta ro‘yxatga olish peshtaxtasi hamda 3 ta o‘zini-o‘zi ro‘yxatdan o‘tkazish kioskasi ham bor. 7 ta uchish yo‘laklari, 4 ta teleskopik trap, 10 ta pasport nazorati kabinasi va uchib ketayotgan yo‘lovchilar uchun 6 ta Ye-gate hamda uchib kelgan yo‘lovchilar uchun 15 pasport nazorati kabinasi faoliyat yuritadi. Shu bilan birga 3,1 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi va 24 o‘rinli aviaturargoh mavjud.

Ahamiyatlisi, 2022 yilda biz yo‘lovchilar tashish bo‘yicha avvalgi rekordni yangilashga muvaffaq bo‘ldik, ya’ni deyarli 500 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdik.

Hozirgi kunda bu yerda 16 yo‘nalishdagi parvozlar yo‘lga qo‘yilgan. Bundan bittasi ichki va 15 tasi xalqaro yo‘nalishlardir. Terminalda 16 aviakompaniya parvozlarni amalga oshirmoqda.

– O‘tgan yili qaysi aviakompaniyalar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi?

– 2022 yilda Samarqanddan tashqarida  muqaddam mavjud bo‘lmagan bir qancha yangi yo‘nalishlarni ochishga muvaffaq bo‘ldik. Masalan, BAAning “FlyDubai” davlat aviakompaniyasi bilan hamkorlikda Dubay shahriga aviaqatnov ochildi. “Wizz Air Abu Dhabi” aviakompaniyasi esa Abu-Dabi shahriga haftasiga 4 ta aviaqatnovni amalga oshirdi. "Ozarbayjon havo yo‘llari" avikompaniyasi Bokuga yangi aviaqatnovni yo‘lga qo‘ydi.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasiga avval parvozlar amalga oshirmagan aviakompaniyalarini jalb qilishga erishdik. Masalan, “Utair” aviakompaniyasi havo kemalari Samaraga uchishni boshladi. “Azimut” aviakompaniyasi Mineral suvlarga va Ufaga, aprel oyidan esa Sochiga aviaparvozlarni amalga oshirmoqda. Shuningdek, “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati Qozon shahriga parvozlarni yangilamoqda. Umuman olganda, Samarqand xalqaro aeroportidan haftasiga taxminan 78 marotaba parvoz amalga oshirilmoqda.

– “AIRMARAKANDA”  mas’uliyati cheklangan jamiyatining joriy yilgi rejalari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz. Kelgusida Yevropa davlatlariga ham yangi yo‘nalishlarni ochish ko‘zda tutilganmi?

– Bilamizki, mahalliy aholining xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni ochilishiga bo‘lgan talabi yuqori. Shu bois, biz yangi yo‘nalishlarni ochish masalasini muntazam ko‘rib chiqmoqdamiz.

Xususan, joriy yilda Hindiston, Janubiy-Sharqiy Osiyo, Koreya Respublikasiga yo‘nalishlarni yo‘lga qo‘yish borasida muhokamalar olib borilmoqda. Rejamizda Xitoy yo‘nalishini qayta tiklash masalasi ham bor. Qayd etganingizdek, Yevropa davlatlariga parvozlarni amalga oshirish va bu borada o‘rganishlar davom ettirilmoqda.

Maqsadimiz mahalliy va xorijlik yo‘lovchilar uchun a’lo darajada xizmat ko‘rsatish, majmuamizda yaratilgan barcha sharoitlardan unumli foydalangan holda yaxshi natijalarga erishishga qaratilgan. Buning uchun bizda barcha qulaylikar mavjud. Samarqand xalqaro aeroportida yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar nafaqat o‘zbekistonliklar, balki xorijlik fuqarolarni ham hayratga solmoqda. Bu holatlarni ko‘rish esa biz uchun quvonarlidir.

Joriy yilning 19 mart kuni “Silk Road Samarkand” xalqaro sayyohlik majmuasi tomonidan uyushtirilgan press-turda ommaviy axborot vositalari vakillarining ushbu zamonaviy majmua bilan tanishib, katta taassurot olganini va bu zamonaviy inshootdan faxr-iftixorga to‘lganini ko‘rdik. Bunday quvonchli onlar “AIRMARAKANDA” jamoasini yangi reja va maqsadlar sari undaydi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.