French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dizaynchi edi, tadbirkorga aylandi. (+video)
12:19 / 2023-05-18

Beshariqning tabiiy iqlimi odamlarni topqirlikka o‘rgatgan. Qaysi sohani qaramang, iqtidorli yoshlar o‘z biznesida muvaffaqiyatga erishganini ko‘rasiz.

“Shervud Dizayn” loyihachisi Sherzod Erkaboyev so‘nggi yillarda dizaynchilikdan nafaqat Beshariq, balki Farg‘ona viloyatining taniqli tadbirkoriga aylandi. Hozir u asos solgan korxonada tikuvchilik, metalsozlik, yog‘ochsozlik, qurilish industriyasi kabi tarmoqlar mavjud. 2022 yilda 35 ta ayollarni jalb qilish orqali boshlangan ish, bugun 150 nafar ayollar mehnat qilayotgan tikuvchilik korxonasiga aylandi.

–Qizlarimiz Beshariq tumanining turli qishloqlaridan kelgan. Ularning ko‘pchiligi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” da turgan edi. Oilaviy sharoiti og‘ir bo‘lgan, - deydi guruh ustasi Naziraxon Siddiqova. –Lekin hozir ular qo‘li gul tikuvchiga aylangan. Ishlarimiz sifati yuqori. Shuning uchun Turkiya, Rossiyaga eksport qilinmoqda.

Dunyo to‘qimachilik bozorining birlamchi talabi – sifat. Bu imtihondan o‘tish hammaga ham nasib qilavermaydi. Beshariqlik tikuvchi ayollardagi iqtidor, kasbga sadoqat tufayli o‘zbek paxtasidan to‘qilib “Shervud Dizayn”da tikilgan kiyimlar yuqori sifatli ekani tan olindi.

Metalni qayta ishlash yaqin-yaqingacha e’tibordan chetroqda bo‘lgan. Sababi tovar-xom ashyo chetdan, valyutaga keltirilar edi. Endi esa yurtimiz tadbirkorlari nafaqat metal jihozlarni tayyorlash, balki metal profil, metal armaturalar ham ishlab chiqarmoqdalar. “Shervud Dizayn” sohaga oid barcha turdagi texnologik jihozlarni sotib oldi. Darvoqe, shuni alohida ta’kidlash kerakki, endi tadbirkor uchun valyuta muammosi yuz foiz yechilgan. Beshariqda tayyorlangan metal tahmon, qavatli stellaj, reklama ustuni va romlari... xullas ro‘yxatda o‘ttizdan ziyod mahsulot bor. Yana bir quvonchli jihati shundaki, hatto “Coca cola” kabi taniqli savdo belgilari ham Beshariq tadbirkoriga buyurtma bergan.

–Taniqli brendlarning buyurtmasini olishga muyassar bo‘ldik, - deydi ijrochi direktor Nodira Ergasheva. “Coca cola”, “Pepsi” kompaniyalari bilan hamkorlikda ishlayapmiz. Ularga firma ramzi bo‘lgan stol-stullar, metal taxmonlar tayyorlab bermoqdamiz.

Mana bu bejirim stul, kreslolar ham ularning mahsuloti. Endi esa 9 qavatli namunali uylar qurishga kirishdilar. Yaqin kunlarda Beshariq markazida ular qurayotgan shinam xonadonlar egalariga topshiriladi.

2022 yilning ikkinchi olti oyida 15 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, 2023 yilni birinchi yarmidayoq bu raqam ikki hissa ortishi kutilmoqda.

Agar... Ha, shu so‘zni ishlatamiz, agar so‘nggi yillarda muhim iqtisodiy islohotlar amalga oshirilmaganida, tadbirkorlik har taraflama qo‘llab-quvvatlanmaganida Sherzod Erkaboyev oddiy dizaynchilikdan yirik tadbirkorga aylanar edimi?

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/AOaU9kI7vGY" title="Dizaynchi edi, tadbirkorga aylandi." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muallif: Muhammadjon Obidov

Tasvirchi: Elyor Olimov