Bugungi kunda mamlakatimiz shahar va qishloqlarining qiyofasi mutlaqo tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Bunda albatta, dizaynerlar, muhandislar, me’morlar, rassomlar, zamonaviy axborot texnologiyalari mutaxassislari, bunyodkor-quruvchilarning xizmatlari beqiyosdir. Shaharlar qiyofasining zamonaviy, ekologik talablarga to‘liq monand, arxitekturaning eng so‘nggi elementlarini mujassam etishida sohaga oid ta’lim, fan va ishlab chiqarish jarayonlarining o‘zaro uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida “Science and Innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida muhim xalqaro nufuzli anjuman – “Dizayn – ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi muammolari va yechimlari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi.

Mazkur anjuman zamonaviy dizayn sohasida ta’lim, ilmiy-tadqiqot va ishlab chiqarish jarayonlarini uyg‘unlashtirish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning yechimlarini ishlab chiqishga qaratilgan bo‘lib, ayni paytda Buyuk Britaniya, AQSH, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya kabi davlatlardan olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Anjuman dizayn, ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlari o‘rtasida samarali ko‘prik qurish, dizayn yo‘nalishidagi ta’limning muammolari va rivojlanish istiqbollari, amaliy dizayn loyihalarining ta’lim dasturlariga integratsiyasi, zamonaviy metodikalarning joriy etilishi, innovatsion yondashuvlar, talaba-yoshlarni yaratuvchan fikrlashga o‘rgatish kabi asosiy yo‘nalish doirasida o‘tkazildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi zamonaviy dizayn va ishlab chiqarish muammolari, mahalliy dizayn brendlari va sanoat ehtiyojlari o‘rtasidagi uyg‘unlik, mahsulot dizaynida milliy o‘ziga xoslik va global talablarga moslashuv kabi masalalar atroflicha muhokama etildi. Anjumanga O‘zbekiston, MDH davlatlari va boshqa xorijiy mamlakatlardan jami 200 dan ortiq ilmiy maqola yuborildi. Shulardan 120 tasi tanlab olinib, ilmiy sessiyalarda muhokama qilindi.

– Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlarning zamonaviy dizayn va arxitektura yo‘nalishida ta’lim olishi uchun davlatimiz rahbari tomonidan zarur barcha sharoit va imkoniyatlar to‘liq yaratib berilgan, – dedi Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, tarix fanlari doktori, professor Dilafro‘z Qurbonova. – Mazkur yo‘nalishdagi nufuzli oliy ta’lim maskanlari bilan keng qamrovli hamkorlik zamonaviy dizayn va me’morlik, shaharsozlik bo‘yicha eng ilg‘or yangiliklarni, bilim va ko‘nikmalarni egallashda katta ahamiyat kasb etadi.

– Biz Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan muttasil hamkorlik qilib kelamiz, – dedi Qozog‘istonning K.Jubanov nomidagi Aqto‘be mintaqaviy universiteti katta o‘qituvchisi Gulmira Kudasova. – Mazkur hamkorlik akademik almashinuv, grant dasturlar, birgalikdagi o‘quv-ma’rifiy loyihalarda, talabalarning ilg‘or ishlanmalari taqdimotlarida o‘zining yorqin ifodasini topmoqda. Bu kabi xalqaro nufuzli anjumanlar zamonaviy arxitektura va dizayn bo‘yicha ilg‘or fikr va tashabbuslarni atroflicha tahlil etish, o‘rganish imkoniyatini berishi bilan diqqatga sazovordir.
Darhaqiqat, bugungi kunda shaharlarimiz qulay, ishonchli, xavfsiz, ekologik, muhandislik-kommunikatsiya, me’morchilik talablariga to‘liq monand bo‘lishi kerakligini zamonning o‘zi ko‘rsatmoqda. Bu boradagi eng maqbul yechimlarni topishda esa mamlakatimizdagi yetakchi oliy ta’lim dargohi sanalgan Milliy rassomlik va dizayn institutidagi dizayn – ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasiga bag‘ishlangan xalqaro anjumanning ahamiyati g‘oyat katta bo‘ldi.

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri