Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Diydor nasib yana siz bilan!
13:58 / 2026-02-28

Mamlakatimizda buyuk adib va shoirlar xotirasini e’zozlash, ularning bebaho ma’naviy merosini asrab-avaylash hamda keng jamoatchilikka yetkazish, tavallud sanalarini yuksak saviyada nishonlash ezgu an’anaga aylangan.

Ana shunday ibratli qadriyatlardan biri — o‘zbek xalqining sevimli shoirasi, jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavalludini nishonlash ezgu an’analardan biriga aylangan.

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda qator vazirlik va idoralar hamkorligida ustoz shoira tavalludining 111 yilligi munosabati bilan bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. 

Xususan, Adiblar xiyobonidagi Zulfiya haykali poyida shoira xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi. Marosimda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, ijodkor ziyolilar, ta’lim muassasalari vakillari, yoshlar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatova Zulfiyaxonim timsolida o‘zbek ayolining ma’naviy qiyofasi, sabr-toqati va fidoyiligi ulug‘langanini, shoiraning hayoti va ijodi bugungi kunda ham yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

– Zulfiyaxonim — O‘zbekiston xalq shoirasi, taniqli jamoat arbobi sifatida nafaqat adabiyotimiz, balki jamiyatimiz ma’naviy hayotida ham o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ siymo, - dedi Mukarram Nurmatova. – Uning sermazmun ijodi, fidokorona jamoatchilik faoliyati ayniqsa xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlashda katta ahamiyat kasb etdi.

Shoiraning asarlarida Vatanga muhabbat, insoniylik, vafo va sadoqat, tinchlik va ezgulik g‘oyalari teran ifoda etilgan. Uning she’rlari inson qalbini poklaydi, yuksalishga chorlaydi, ma’naviy kamolot sari yetaklaydi. Zulfiya ijodi bu muhabbat va sadoqat darsxonasi, ma’naviyat maktabidir.

“Diydor baxti nasib yana siz bilan” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda Zulfiya Isroilovaning o‘zbek adabiyoti, milliy ma’naviyat va xotin-qizlar ma’rifati taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi, ijodida ona yurtga muhabbat, sadoqat, matonat, insoniylik va ezgulik g‘oyalari yuksak badiiy talqinda aks etgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, tadbirda ishtirokchilar shoiraning hayoti va ijodiy merosi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xalqimiz azaldan ayolni muqaddas zot sifatida e’zozlab, uning oila va jamiyat hayotidagi o‘rnini yuksak qadrlab kelgan. Ana shu yuksak hurmat va e’tiborning yorqin ifodasi sifatida 1999-yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etildi. Mazkur mukofot iqtidorli, tashabbuskor va yuksak ma’naviyatli qizlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi yutuq va marralar sari ruhlantirishga qaratilgan davlat e’tirofi namunasi.

Bugungi kunga qadar ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport, axborot texnologiyalari hamda jamoatchilik faoliyati sohalarida yuqori natijalarga erishgan 480 nafar iqtidorli xotin-qizlar ushbu mukofot bilan taqdirlangan.

Madaniy-ma’rifiy uchrashuvda ushbu yuksak mukofotga sazovor bo‘lgan qizlar tom ma’noda Zulfiyaxonimga munosib izdosh bo‘lish, uning ma’naviy merosini davom ettirish, sadoqat va vafo, jasorat va matonat kabi yuksak fazilatlarni o‘z hayot mezoniga aylantirishga intilayotgani, o‘z bilim va iqtidori, fidoyiligi va tashabbuskorligi bilan yangi O‘zbekiston xotin-qizlarining zamonaviy qiyofasini namoyon etayotgani alohida qayd etildi.

Shoiraning boy ijodiy merosi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi, uning she’rlari va dostonlaridan parchalar o‘qildi, mumtoz va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan Zulfiya haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ulug‘ shoira xotirasiga yuksak hurmat bajo keltirildi.

Zulfiya Isroilova merosi — nafaqat adabiyotimiz, balki jamiyatimiz ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutadigan bebaho xazina. Shoiraning hayoti va ijodiy yo‘li, insoniy fazilatlari hamda ma’rifatparvarlik faoliyati bugun ham xalqimizning qalbida yashamoqda.

[gallery-27924]

Zulfiya Isroilova — o‘zbek adabiyotining atoqli namoyandasi, shoira va jamoat arbobi. U 1915-yil 1-mart kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan.

O‘rta maktabdan so‘ng pedagogika institutida va aspiranturada ta’lim olgan. Mehnat faoliyati davomida bolalar nashriyoti hamda nashriyot tizimida mas’ul lavozimlarda ishlagan, 1950–1980-yillarda “Saodat” jurnalidagi faoliyati orqali ma’rifat va ijtimoiy fikr rivojiga munosib hissa qo‘shgan.

Shoiraning 1932-yilda “Hayot varaqalari” nomli ilk she’riy to‘plami nashr etilgan. Keyinchalik “Yuragimga yaqin kishilar”, “Yurak hamisha yo‘lda”, “Kamalak” kabi ko‘plab to‘plam va turkumlari e’lon qilingan. Xalq orasida “Oydinda”, “Sensiz”, “Yurak”, “Falak”, “Bahor keldi seni so‘roqlab” singari she’rlari keng ommalashgan. Shuningdek, “Uni Farhod der edilar”, “Quyoshli qalam”, “Xotiram siniqlari” kabi lirik va liro-epik dostonlar muallifi.

Zulfiya Isroilova ijodida inson qalbi, ayol sha’ni, sadoqat va matonat mavzulari alohida o‘rin egallaydi.

U jahon adabiyotining bir qator mumtoz namoyandalari asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Shoira xalqaro va milliy mukofotlar, jumladan, Javoharla’l Neru, “Nilufar” mukofotlari, Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati, shuningdek, “Kirill va Mefodiy” ordeni sohibi hisoblanadi.

Ustoz shoira tavalludining 111 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar, anjumanlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. 

Nazokat Usmonova, O‘zA