French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Dispanserda bolalarga madaniy hordiq olish uchun sharoit yo‘qligi aniqlandi
13:51 / 2024-07-23

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova bolalarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan bevosita tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasida monitoring olib bordi.

Jumladan, «Imkon» reabilitatsiya markazi davlat ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli maktabgacha ta’lim tashkilotidagi shart-sharoitlar bilan tanishildi.  

Aytish kerakki, ushbu muassasa 2019 yilda Nukus shahrida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda psixik rivojlanishda kechikayotgan, aqli zaif, tayanch harakatida nuqsoni bo‘lgan 103 nafar bola bilan maxsus ta’lim-tarbiya ishlari olib borilmoqda.

Reabilitatsiya markazi ochilishidan bugunga qadar 4 ming 206 nafar bolaga pediatr, ortoped-travmatolog, nevrolog, fizioterapevt, oftalmolog, otolaringolog kabi mutaxassislar tomonidan malakali tibbiy ko‘mak ko‘rsatilgan.

Bolalar bilan ishlash guruhlari ularning yosh toifasidan va o‘ziga xos ehtiyojidan kelib chiqqan holda tashkil etilgan.  

Shuningdek, markazda 7 ta korreksion xona, to‘garak xonalari, psixologik terapiya, musiqa, sport va san’at xonalari faoliyat yuritadi.  

Ushbu maktabgacha ta’lim muassasasining o‘ziga xosligi shundaki, bu yerda sog‘liqdagi qiyinchiliklarni yengish va bolalar salomatligini yaxshilash maqsadida har bir bola uchun individual ta’lim hamda reabilitatsiya usuli ishlab chiqilishi yo‘lga qo‘yilgan.

«Imkon» tashkiloti tajribasi Respublikaning barcha hududlarida keng tatbiq etilishi zarur bo‘lib, bu amaliyot alohida ehtiyoji bo‘lgan bolalar bilan ishlashning yagona va ta’sirchan tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.  

Respublika 1-sonli ruhiy asab kasalliklar dispanseri Bolalar ombudsmanining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga monitoringi doirasidagi navbatdagi manzili bo‘ldi.  

Muassasaning bolalar bo‘limida bugungi kunda 5 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar davolanib kelmoqda.

Hozirda bolalar bo‘limida 30 ta yotoq joy mavjud bo‘lib, bu son davolanish ehtiyoji bo‘lgan bolalar soniga mutanosib emasligi aniqlandi.  

Shuningdek, nutqida, eshitishda nuqsoni bo‘lgan bolalar tibbiy davolanishini kompleks olib borish uchun logoped, kar-soqov bolalar uchun defektolog shifokor shtatlariga katta ehtiyoj mavjud.  

Bolalarni davolash muolajalari va ovqatlanishi bo‘yicha muassasada jiddiy nuqsonlar mavjud bo‘lmasada, dispanser binosi nihoyatda eskirgan va jiddiy ta’mirtalab ahvolda.

Shu bilan birga, dispanserda bolalar uchun davolanishdan tashqari paytda madaniy hordiq olishga oid sharoitlar ham yo‘lga qo‘yilmagan.

Monitoring doirasida dispanser ma’muriyatiga va hudud mutasaddilariga bu maskanda bolalar uchun shart-sharoitlarni yaxshilash yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.

N.Abduraimova, O‘zA