Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Diqqat, e’lon!
12:21 / 2023-12-30

“Yangi O‘zbekiston fotojurnalistlar nigohida — 2023” fotoko‘rgazmasi o‘tkaziladi

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Respublika “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Toshkent fotosuratlar uyi hamkorligida o‘tkaziladigan “Yangi O‘zbekiston fotojurnalistlar nigohida – 2023” fotoko‘rgazmasi uchun fotomateriallarni qabul qilish davom etmoqda.  

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini fotosuratlar orqali ommaga keng namoyish etish, fotojurnalistikaning rivojlanish tendensiyalarini tahlil qilish, jurnalistikaning mazkur yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va ularni rag‘batlantirish maqsadida tashkil etilayotgan fotoko‘rgazmada mahalliy va xorijiy OAV fotomuxbirlari, mustaqil fotojurnalistlar hamda sohaga qiziquvchilar ishtirok etishi mumkin.  

An’anaviy tarzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan mazkur fotoko‘rgazma uchun taqdim etiladigan ijodiy ishlarda yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, yangilanishlar, voqeliklar, xalqimiz madaniy va ijtimoiy turmush tarzi kabi jihatlar aks ettirilgan bo‘lishi talab etiladi.  

Ijodiy ishlar 2024 yilning 5 yanvarigacha O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasining (99 466-10-25) raqamiga ochilgan (O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi) telegrami orqali qabul qilinadi. Suratlar 3 megabaytdan kam bo‘lmagan, 5000x3600 mm, 300 dpi hajmda bo‘lishi, 20 tadan oshmasligi, har bir fotosurat uchun qisqa izoh yozilishi va barcha materiallar bitta zip papkaga joylashtirilishi zarur. Shuningdek, ishtirokchilardan ma’lumotnoma, pasport yoki ID karta nusxasini yuborishi ham so‘raladi.  

Taqdim etilgan ijodiy ishlar nufuzli komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ko‘rgazmada namoyish etish uchun saralanadi. 

Fotoko‘rgazma har yili  yanvar-fevral oylari davomida Toshkent fotosuratlar uyida bir hafta mobaynida, yil davomida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda, shuningdek, xorijiy mamlakatlarda keng namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.    

Ko‘rgazmalarga keng jamoatchilik, jumladan, OAV xodimlari, yurtimizda faoliyat olib borayotgan chet davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakillari, talaba-yoshlar taklif etiladi.

 

O‘zA