English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Diqqat! Bozorda sifatsiz sement...”
11:00 / 2020-07-07

“Juda koʻp yillardan buyon “abonent” soʻzini ishlatamiz. Sirtdan olib qaraganda, bu soʻz oʻzbekchadek boʻlib ketgan.


“Juda koʻp yillardan buyon “abonent” soʻzini ishlatamiz. Sirtdan olib qaraganda, bu soʻz oʻzbekchadek boʻlib ketgan. Tilimizga oʻzlashib ulgurgan. Aslida bu soʻz fransuz tilidagi “aboner” soʻzidan olingan boʻlib, “obuna boʻlmoq” maʼnosini bildiradi. Oʻzbek tilida esa uni “mijoz”, “foydalanuvchi” deyish mumkin. Lekin biz bu soʻzlardan foydalanmaymiz. Chunki bu soʻz qonimizgacha singib ketgan” — deyiladi “Yangi Oʻzbekiston” gazetasida eʼlon qilingan “Raqamlashtirish jarayonida atamalardan qanday foydalangan maʼqul?” sarlavhali maqolada.

Qolaversa, material muallifi — Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri maslahatchisi Nurulla Abdullayevning taʼkidlashicha, ajnabiy atamalarning oʻzbek tilidagi muqobilini topish va uni muomalaga kiritish yaxshi, ammo baʼzi holatlar borki, ularga koʻz yumolmaymiz. Shuning uchun yetti oʻlchab, bir kesgan maʼqul. Masalan, “elektron davlat xizmatlari koʻrsatadigan bir tashkilotning axborot tizimini ikkinchi tashkilotning axborot tizimiga integratsiya qilish” deganda nimani tushunasiz? Mazkur gapdagi “integratsiya” soʻzi lotin tilidagi “integratio” soʻzidan olingan boʻlib, “qayta tiklash”, “toʻldirish”, “bogʻlash, ulash” maʼnolarini bildiradi...

Oʻzbekiston hududida miloddan avvalgi II ming yillik boshlaridan paxta ekilgan, ipak qurti boqilgan, bogʻdorchilik va sugʻorma dehqonchilik madaniyati yuksak darajada rivojlangan ekan. Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanida joylashgan bronza davriga oid noyob arxeologik yodgorlik — Sopollitepada xitoylik hamkorlar bilan olib borilgan qoʻshimcha dala izlanishlari natijalari bu xulosani tasdiqladi. “Ipak va paxta toʻrt ming yillik tarixga ega” nomli maqolada shu haqdagi qiziqarli maʼlumotlar bilan tanishasiz.

“Soʻnggi kunlarda oliy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni asosiy mavzulardan biriga aylandi. Qanday qilib onlayn hujjat topshirish kerak? 5 ta yoʻnalish qay tartibda tanlanadi? Oʻqishning sirtqi, kechki turini tanlashda nimalarga eʼtibor beriladi? Test topshiriqlari qay darajada soddalashtirildi? Shu kabi savollar muhokamalar markazida boʻlib turibdi, — deb boshlanadi Xalq soʻzi gazetasida bosilgan “Chekka hududlardagi kadrlar yetishmovchiligini qanday hal etish mumkin?..” nomli maqola. — Eslasak, 4-5 yil oldin abituriyentlar hamda ularning ota-onalari koʻproq boshqa jihatlar haqida bosh qotirishardi: X-variantni qayerdan topish mumkin, kimni “tanka” qilsa boʻladi, qaysi taʼlim muassasasiga kiritishga puli yetadi va shu kabi qingʻir yoʻllar mavzusi ommalashgan edi. Mana, eңdi kecha hamda bugun muhokama etilayotgan mavzular oʻrtasidagi farqdan ushbu sohada qilingan oʻzgarishlarning

qamrovi va natijadorligini bilsa boʻladi...”

Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripovning “Barchamiz uygʻonishimiz kerak” sarlavhali maqolasida davlatimiz rahbarining shu yil 26-27-iyun kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chogʻida qoʻyilgan vazifalar va ularning ahamiyati xususida soʻz yuritiladi.

Ishonch gazetasida chop etilgan “Diqqat! Bozorda sifatsiz sement...” sarlavhali maqolada 2020-yilning yanvar – iyun oylarida barcha markali sement narxi 59 foizgacha oʻsgani va buning sabablari haqida soʻz boradi. Shuningdek, ayrim soxta “ishbilarmon”lar tomonidan “Qizilqumsement” va “Quvasoysement” zavodlari qoplariga sementga boshqa aralashmalarni qoʻshgan holda sifatsiz mahsulot sotish holatlari uchrayotgani, bunday vaziyatlar masʼul idora vakillari tomonidan oʻrganilayotganligi taʼkidlangan. Muallif barchamizni mahsulot sotib olishda, uning sifat sertifikati va qayerda ishlab chiqarilganini surishtirishga chaqiradi.

1893-yilda Buxoroda vabo tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatlar haqida nimalarni bilasiz? Oʻshanda qanday karantin qoidalari joriy etilgan edi? Oʻlatni butunlay daf etish uchun nima choralar koʻrildi? Gazeta sahifalaridan oʻrin olgan “Rangi siniq odamlar yoxud yurtimizdagi ilk ommaviy karantin tarixi” sarlavhali maqola ayni shu mavzu tahliliga bagʻishlangan.

Binobarin, “Qogʻozda “pishayotgan” sabzavotlar” nomli materialda ikki tadbirkor oʻrtasidagi hal boʻlmayotgan yer majorosi muammosi qalamga olingan.

“Bugun koronavirusdan qoʻrquv anchayin yoʻqolgandek. Mamlakatimizda kasallik aniqlanayotganlar soni har kuni 200 va 300 nafardan oshayotgan boʻlsa ham (karantinning dastlabki kunlarida 100 nafardan oshmagandi), oʻlim soni nisbatan ortgan boʻlsa ham, aholi orasidan kasallik aniqlanayotgan boʻlsa ham... Xotirjamlikka berilganimiz bir tarafdan behuda vahimaga berilmaslik, ishimizda, yoʻlimizda, turmush tarzimizda davom etish uchun yaxshidek. Boshqa tomondan esa yana avvalgidek odatiy yoʻlda davom etishimiz toʻgʻrimi?” — degan mulohazalarni oʻqiysiz Inson va qonun gazetasida eʼlon qilingan “Unutilayotgan cheklovlar: virus bilan yashashni oʻrganamizmi?” sarlavhali materialda. Maqola muallifi Madhiya Avazova yana shunday mulohazalarni oʻrtaga tashlaydi: “Koronavirus bormi oʻzi? Birorta tanishimizda aniqlanganini eshitmadik-ku? Bu butun dunyoda olib borilayotgan qandaydir oʻyin boʻlsa kerak. Pnevmaniya tashxisi bilan kasalxonaga yotqizilayotgan bemorlar oʻylab topilgan virus qoʻlida qurol boʻlyapti... Shunday oʻylayapmiz. Istar-istamay shu fikrga ham borib koʻrayapmiz. Ammo bu mubham tushunchaga tayanish uchun aniq faktlar yoʻq. Dunyoda millionlab odamlarning shu kasallik tufayli aziyat chekayotgani, qirilib ketayotgani, yon qoʻshnilarimizda vaziyat keskinlashayotgani bu — fakt...”

Shu bilan birga, gazetada “Intellektual mulk kodeksini qabul qilish vaqti keldi”, “Jamoatchilik nazorati. Biz buni qanday tushunamiz?”, “Til qaygʻusi” sarlavhali tahliliy maqolalarni ham mutolaa qilishingiz mumkin.

* * *

Yangi rukn va bugungi sharh haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.

ESLATMA: kelayotgan yakshanbada hafta davomida matbuotda qaysi mavzular qanday yoritilganini “Adolat” gazetasi Bosh muharriri Islom Hamroyev sharhlaydi.