Poytaxtimizdagi “Bunyodkor” futbol klubi akademiyasida mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalar jamoalari o‘rtasida II Sport o‘yinlari va XVII Xalqaro mini futbol turniri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimda O‘zbekiston milliy manfaatga asoslangan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va pragmatik tashqi siyosatni izchillik bilan olib borayotgani ta’kidlandi. Tashqi siyosiy va iqtisodiy aloqalar sohasidagi sa’y-harakat natijasida mamlakatimizning xalqaro maydonda ochiq, ishonchli va tashabbuskor davlat sifatidagi maqomi va obro‘si keskin oshdi.
Ikki va ko‘p tomonlama munosabatni rivojlantirish, turli millat va elatlarni birlashtirib turishda xalq diplomatiyasining o‘rni beqiyos. Bu jarayonda eng ommabop yo‘nalish sportdir.
[gallery-13661]
Sport – tinchlik elchisi! Turli musobaqalar tashkil etish bugungi globallashuv davrida davlatlar, xalqlar o‘rtasidagi do‘stona munosabatni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur turnir ham yurtimizda sportga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
Ushbu sport o‘yinlari, avvalo, yurtimizda faoliyat yuritayotgan diplomatik vakolatxonalar vakillarining jismoniy tarbiyaga qiziqishini yanada oshirish, mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtasini yanada mustahkamlash maqsadida o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, bu yilgi bahslarda 18 elchixona, 6 xalqaro tashkilot va Tashqi ishlar vazirligi jamoalari ishtirok etdi.
Ishtirokchilarning nafaqat o‘zlari, balki oila a’zolari ham alohida sport musobaqalarida bellashdilar.
Tadbirni uyushtirishdan asosiy maqsad diplomatik vakolatxonalar xodimlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning norasmiy, do‘stona muloqoti uchun sharoit yaratish, sport o‘yinlarini ommalashtirishdan iborat.
An’anaviy tarzda 1999 yildan buyon vazirlik huzuridagi Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish byurosi tashabbusi bilan tashkil etiladigan ushbu musobaqa diplomatik korpus vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinmoqda.
– Anjumanga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan, buning uchun Tashqi ishlar vazirligiga minnatdorlik bildiraman, – deydi Ruminiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Daniyel Kristian Chobanu. – Sport sog‘lik garovi bo‘lib, madaniyat singari davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu yerda kim g‘olib bo‘lishi muhim emas, bugun do‘stlik g‘olib chiqadi. Men yugurish, tog‘ chang‘isi sport turlari bilan shug‘ullanaman. O‘zbekistonning uchta cho‘qqisiga ko‘tarilganman. Musobaqada jamoamiz ham faol ishtirok etdi. Shaxsan o‘zim kelib, oxirigacha jamoamizni ruhlantirib turdim.
Dasturiga mini-futbol, stol tennisi, badminton, shashka, shaxmat, arqon tortish va yuz metrga yugurish kiritilgan turnirda 11 davlat elchixonasi hamda BMT, OTB, YeTTB, Jahon banki kabi yirik xalqaro tashkilot va kompaniya vakillari faol qatnashdi.
XVII Xalqaro mini futbol turnirida TIV birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi elchixonasi havaskor futzalchilari 2-o‘rinni, Turkiya Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi jamoasi esa 3-o‘rinni egalladi. Barcha sport turlari bo‘yicha ayollar va erkaklar jamoalari o‘rtasida g‘olib va sovrindorlarga kubok, medal va diplomlar tantanali suratda topshirildi.
Go‘zal Sattorova, Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA