Islohotlarimiz xorijiy investor nigohida
Mamlakatimizda muvaffaqiyatli ish olib borayotgan yirik xorijiy korxonalardan biri - “Indorama Agro” XK MCHJ bosh direktori Dipak Rayna muxbirimiz bilan suhbatda yurtimizda xalqaro hamkorlar uchun yaratilgan sharoitlar haqida qisqacha so‘zlab berdi.
- Barchaga ma’lumki, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, shu bilan birga juda mas’uliyatli sohasi hisoblanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda "Shunday ulug‘ va muhim sohaning zalvorli yukini o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan mirishkor dehqon va fermerlar, zahmatkash chorvador va pillakorlar, mohir suvchi va irrigatorlar, o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lgan mexanizator va agronomlar, jonkuyar olim va mutaxassislarni dunyodagi eng olijanob kasb egalaridir" desak, ayni haqiqatdir.
Ko‘pni ko‘rgan, doimo yer bilan tillashib, dardlashib yashaydigan dehqon va fermerlar ham omilkorlik bilan, boy bilim va tajribani, ilm-fan yutuqlarini ishga solib, mo‘l hosil yetishtirishga muvaffaq bo‘lishmoqda. Eng muhimi, mamlakat hukumati bozor iqtisodiyotini rag‘batlantirish, xorijiy investitsiya jalb qilish, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqani mustahkamlash bo‘yicha samarali islohotlarni amalga oshirmoqda.
Xorijiy hamkorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlardan unumli foydalangan holda, jumladan, “Indorama Agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Umuman, biz, xorijiy investorlar oxirgi besh yil ichida respublika iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti yo‘lida mislsiz, avvallari kuzatilmagan ulkan ishlar amalga oshirilganiga bevosita guvohmiz.
Iqtisodiyotning, deyarli, barcha sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga keng yo‘l ochib berilishi natijasida, xususan, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ini yuksaltirish, dadil islohotlar orqali sohani jahon talablari darajasiga ko‘tarish jarayoni jadal tus oldi.
Endilikda Yangi O‘zbekiston yil sayin ilg‘or jahon hamjamiyatida o‘zining haqiqiy, munosib o‘rnini egallab bormoqda.
Masalan, sarmoyaviy faoliyatimizga nisbatan bildirgan yuksak ishonch, doimiy qo‘llab-quvvatlanish tufayli “Indorama Agro” respublikadagi yirik, eng innovatsion, barqaror paxta-to‘qimachilik klasterlaridan biriga aylandi, desak hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Biz bundan keyin ham mamlakatni iqtisodiy jihatdan yuksaltirishga hissa qo‘shishda davom etamiz.
Muharrama Pirmatova yozib oldi.
O‘zA