English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Diniy sohadagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilanadi
10:58 / 2025-02-20

Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi majlisida “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Majlisda Konsepsiya bilan diniy sohadagi davlat siyosatining maqsadi, vazifalari, prinsiplari, ustuvor yo‘nalishlari va ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilanayotgani aytildi.

Konsepsiyaning qabul qilinishi va sohada yagona davlat siyosatining amalga oshirilishi mamlakatda diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo totuvlikni ta’minlashga asoslangan munosabatlar modelini rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslari takomillashishiga, jamiyatda totuvlik, ijtimoiy hamjihatlik va birdamlik muhiti mustahkamlanishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Shuningdek, qo‘mitada mahalliy kengashlarning korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zolari va kotibiyat mudirlari uchun “Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2023 yildagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyati shaffofligini baholash bo‘yicha “Ochiqlik indeksi” ma’lumotlari tahlili” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda Senat o‘z faoliyatida mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga ko‘maklashishga alohida e’tibor berayotgani, bundan ko‘zlangan maqsad mahalliy kengashlarning faoliyat samaradorligini oshirishdan iborat ekanligi qayd etildi.

Ishtirokchilar ushbu seminar hududlarda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlashda mahalliy kengashlarning rolini oshirishga, qolaversa, Senat tomonidan mahalliy kengashlarga uslubiy yordamni tizimli tashkil etishga, kelgusida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA