Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Diniy radikalizmning oldini olishda Qozogʻiston tajribasi“
17:22 / 2020-01-22


Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Qozogʻistondagi “Nur Muborak” Misr islom madaniyati universiteti qoshidagi “Diniy ekstremizmga qarshi kurashish” markazi direktori, islomshunos olim Askar Sabdin tomonidan davra suhbati tashkil etildi.

Mazkur tadbir Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Qozogʻistondagi “Nur Muborak” Misr islom madaniyati universiteti tomonidan imzolangan anglashuv memorandumiga asosan tashkil etilmoqda.

“Diniy radikalizmning oldini olishda Qozogʻiston tajribasi“ (“Kazaxstanskiy opыt teologicheskoy deradikalizatsii”) mavzusida oʻtkazilgan davra suhbati va mahorat darslarida Oʻzbekiston musulmonlar idorasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutaxassislari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti professor-oʻqituvchilari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, uning viloyatlardagi Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Xotin-qizlar qoʻmitasi, “Oila” ilmiy-amaliy markazi va boshqa tegishli tashkilotlar mutasaddi xodimlari ishtirok etdi.

Bugun dunyo ahli muqaddas Islom dinining nechogʻlik maʼnaviyat, maʼrifatga yoʻgʻrilgan din ekanini tobora teran anglab bormoqda. Ammo, ayni shu vaziyatdan oʻzining tuban maqsadlari yoʻlida qurol sifatida foydalanishga oʻrinayotgan ayrim gʻarazli kuchlar ham koʻpayayotgani afsuslanarlidir, – deydi oʻz nutqida Askar Sadbin. – Bunda esa axborot texnologiyalari yutuqlaridan foydalanib, oʻz targʻibot-tashviqot ishlarini insonning oddiy maishiy, iqtisodiy yoki maʼnaviy ehtiyoji va qiziqishlaridan kelib chiqib amalga oshirilayotgani sababli yetarli bilim va tajribaga ega boʻlmagan koʻpgina yoshlarning “aldov tuzogʻi”ga tushib qolish ehtimoli ortmoqda. Ayniqsa, mazkur jarayonlar bugungi Markaziy Osiyo davlatlarida yangi bir yuksalish bosqichiga qadam qoʻyilayotgan oʻzgarishlar davrida yanada keskin tus olayotgani oʻziga xos muammolarning yuzaga kelish xavfini kuchaytirishi mumkindir.

Bugungi davra suhbatida diniy ekstremizm, radikallashuv borasida nafaqat nazariy, balki ilmiy va amaliy jihatdan ham yangi bilim va tajribalarni oʻrgandik, — deydi mashgʻulot xususida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi oʻqituvchisi, tarix fanlari doktori Ilhom Bekmirzayev. — Darhaqiqat, bugun gʻarazli kuchlar ham oʻz targʻibot ishlarini takomillashtirib borayotgani eʼtiborlidir. Jumladan, internet tarmoqlarida turli odob-axloq, oilaviy yumushlar, iqtisodiy muammolarni hal etish yuzasidan, bir qarashda,guyoki maslahat berayotgandek taassurot qoldiradigan “telegramm”, “bot” kanallari hamda ijtimoiy tarmoqlardagi maʼlumotlarning ayrim qismlarda oʻzlarining gʻarazli gʻoya va qarashlarini singdirishga urinayotgani hayotiy misollar bilan koʻrsatib berilgani bizni yana bir bor ogohlikka undadi. Shuningdek, bu borada yurtimizda amalga oshirilayotgan, yaʼni turli ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan notoʻgʻri va noxolis har qanday diniy-maʼrifiy, ijtimoiy-siyosiy fikr-mulohozalarga tegishli davlat idorasi yoki nufuzli shaxs tomonidan oʻz vaqtida raddiyalar berib borish tamoyili oʻzini oqlayotganiga iqror boʻldik.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan mazkur oʻquv seminar oʻzining dolzarb mavzusi bilan muhim ahamiyatga ega, — deydi Namangan viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi katta tezkor xodimi Ikrom Tojiboyev. — Bugungi kunda diniy radikallashuv muammosi butun dunyo mamlakatlari va jamoatchiligi uchun katta tahdid hisoblanadi. Shu bois unga qarshi kurashish nafaqat diniy tashkilotlar balki huquqni muhofaza etuvchi tashkilotlar zimmasiga ham muhim vazifa yuklaydi. Chunki atrof-muhitga radikal yondoshuvchi shaxsning oʻzi anglamagan holda yonidagilarga zarar yetkazib qoʻyish xavfi doimo yuqori boʻladi. Shuning uchun bunday kimsalar bilan muntazam ravishda psixologik muolajalar, tushuntirish va targʻibot ishlarini olib borish alohida ahamiyatga ega. Shu nuqtayi nazarda, qozogʻistonlik islomshunos olim Askar Sadbinning davra suhbati davomida ayni muammo yuzasidan Qozogʻiston tajribasini oʻrganish orqali, oʻzimiz uchun ham zarur xulosalar chiqardik.

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda yurtimizda demokratik tamoyillar ustuvorligiga, “Soʻz erkinligi” va “Ochiqlik, Shaffoflik” tamoyillariga davlat boshqaruvida katta eʼtibor qaratilmoqda. Eng asosiysi, yaqin va uzoq qoʻshni va hamkoru hamdoʻst mamlakatlar bilan hamkorlik, bordi-keldi aloqalari kengaymoqda. Bu esa davlatlarimiz oʻrtasidagi oʻzaro iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash, rivojlantirish barobarida, ayrim gʻarazli kuchlarning harakatlanishi uchun ham oʻziga xos imkoniyat yaratishi ehtimoli yoʻq emas. Shu bois bu oʻrinda xalqimizning birdamligi, haqni nohaqdan, oqni qoradan ajratib olishi uchun maʼnaviy, ilmiy va intellektual bilim hamda tafakkurga ega boʻlishi dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida Qozogʻistondagi “Nur Muborak” Misr islom madaniyati universiteti qoshidagi “Diniy ekstremizmga qarshi kurashish” markazi direktori, islomshunos olim Askar Sabdin tomonidan oʻtkazilayotgan davra suhbati 24-yanvar kuniga qadar davom etadi.